"Arsenal" bosh murabbiyi yo'q klubga yutqazib, Angliya kubogidan chiqib ketdi

Narzulla Saydullayev
7 yanv 2018, 22:56
Angliya kubogining amaldagi sohibi bo'lgan Londonning "Arsenal" klubi bu yilgi musobaqani ancha erta tark etdi.

Angliya Chempionshipida ishtirok etayotgan "Nottingem Forest" klubi mehmoni bo'lgan "kanonirlar" jiddiy qarshilikka duch kelishdi. Erik Lixay 20-daqiqada hisobni ochdi. Bunga Per Mertesakerning goli bilan javob berildi. Taym tugashi arafasida Lixayning o'zi ikkinchi bor David Ospina qo'riqlayotgan darvozani nishonga oldi.

Tanaffusdan so'ng Ben Brereton belgilangan penaltini aniq amalga oshirib hisobni o'zgartirdi. Denni Uelbek tomonidan 79-daqiqada urilgan gol mehmonlarda umid uchqunlarini yoqqandek bo'ldi. Biroq Kiran Douell ham penaltidan gol urib bu umidni sarobga aylantirdi - 4:2. "Arsenal" Angliya kubogini juda erta tark etdi.

Ma'lumot uchun, "Nottingem Forest" rahbariyati 31 dekabr kuni bosh murabbiy Mark Varburtonni iste'foga chiqargandi. Hozirga qadar jamoaga bosh murabbiy tayinlanmadi. "Arsenal" bilan uchrashuvga U-23 jamoasi ustozi Gari Brazil olib tushgandi.

Arsen Venger mazkur bahsni zaxira o'rindig'idan emas tomoshabinlar orasidan kuzatib bordi. Sababi 68 yoshli fransiyalik mutaxassis “Vest Bromvich”ga (1:1) qarshi bellashuvdan keyin hakamlar shaniga nomaqbul gaplarni gapirgani uchun FA tomonidan 3ta o'yinga diskvalifikaciya qilingan edi.





O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia