

Bu haqda Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 12 noyabr kuni rasmiy bayonot e'lon qildi.
AQSH futbol federatsiyasi musobaqada qatnashishdan xavfsizlik bilan bog'liq sabablarga ko'ra voz kechgan. Bunga AQSH Davlat departamentining Qatarga safar qilish bo'yicha uchinchi darajali ogohlantirishi asos bo'lgan.
“FIFA AQSH futbol federatsiyasining qaroridan xabardor qilindi. Musobaqaning tegishli reglamentiga muvofiq choralar ko'riladi. FIFAning xavfsizlik bo'yicha baholari o'zgarmagan va musobaqa xavfsizligiga ta’sir ko'rsatadigan yangi holatlar yuzaga kelmagan”, – deyiladi tashkilot bayonotida.
FIFA musobaqa ishtirokchilari va muxlislar xavfsizligi ustuvor vazifa ekanini ta'kidlab, Qatarning mas'ul idoralari bilan doimiy aloqada ekanini ma'lum qildi.
Qayd etish joiz, AQSH U-17 terma jamoasi mundialning “J” guruhida Chernogoriya, Chili va Jazoir bilan kuch sinashishi kerak edi.
Hozircha AQSH o'rniga boshqa terma jamoa jalb etilishi haqida rasmiy ma'lumot berilmagan.
Eslatib o'tamiz, U-17 Jahon chempionati 19 noyabrdan 13 dekabrga qadar Qatarda o'tkazilishi rejalashtirilgan. Musobaqada O'zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etadi. Sergey Chigodaev shogirdlari “E” guruhida Italiya, Kot-d’Ivuar va Yamaykaga qarshi maydonga tushadi.



