"Andijon"ning yangi futbolchisi nega aynan 71-raqamni tanladi? (intervyu)

Narzulla Saydullayev
23 fev 2024, 18:20
Qishki selekciya jarayonida Andijonga bir qator yangi ijrochilar taklif qilinganidan xabaringiz bor.

Jumladan, kelishuvga erishilgan futbolchilar orasida ajoyib yarim himoyachi Bektemir Abdumannonovni ham tilga olish lozim. 2002 yilda tavallud topgan futbolchi bor e'tiborini Burgutlarga qaratgan. U Antaliyadagi yig'inda jamoa bilan shartnoma imzoladi. Endilikda esa futbolchi Andijon matbuot xizmati uchun dastlabki intervyusini berdi.

- Bektemir Andijon klubiga xush kelibsiz! Avvalo, klubga o'tishingiz qanday yuz berdi? Kutganmidingiz yoki…Dastlab shu haqida to'xtalib o'tsangiz!

- Assalomu alaykum! Andijon klubidan taklif tushishini rostdan bilmagandim. Boshqa jamoalardan ham takliflar bo'ldi. Lekin men Andijon jamoasini tanladim. Bu yerda jamoaviy o'yin rivojlangani uchun ham shunga ko'proq e'tibor berdim. Qisqasi, taklif menga yoqdi.

- Jamoaga yanvar oyida qo'shildingiz. Moslashuv jarayoni qanday o'tdi va o'zingizni qanday his qilmoqdasiz?

- Jamoa bilan dastlab Tojikistonda, keyin Turkiyada yig'in o'tkazdik. Bu yerda aksariyat o'yinchilar tanish. Akalarim, og'aynilarim…Shuning uchun moslashib ketishda muammo bo'lgani yo'q.

- Qachondir faoliyatingizni Andijonda davom ettirish haqida o'ylaganmisiz?

- Albatta, Andijon muxlislari ashaddiy bo'lgani tufayli shu yerda ham o'ynab ko'rish imkoni hozir menda bor. O'z o'yinlarimiz bilan ishqibozlarimizni xursand qilishimizga ishonaman.

- Adashmasam, ilk bor bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov bilan birga ishlayapsiz. Juda talabchan mutaxassis…

- Ha, ushbu murabbiy bilan birinchi bor birga ishlayapmiz. Shaxsan menga yoqdi. Murabbiy talab qilayotgan ishlarni bajarishga harakat qilsam, albatta ko'p narsa o'rganaman. Hammani o'ziga yarasha kamchiligi bo'lishi mumkin. Ammo bu murabbiyda kamchiliklarni to'ldirish uchun echimlar bor.

- Klubda qaysi raqamni tanladingiz va nima uchun?

- 71-raqam. Sababi sir bo'laqolsin.

- Jamoadagi asosiy maqsadingiz qanday?

- Jamoa bilan maqsadimiz albatta katta. Yaxshi o'yinlar ko'rsatib, yuqori o'rinlarni egallab, o'z muxlislarimizni xursand qilmoqchimiz. Andijon jamoasi kelajagim uchun ham ajoyib tramplin deb o'ylayman. Biz mavsum davomida bor kuchimiz va imkoniyatimizni ishga solamiz.



O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: "Андижон" матбуот хизмати