"Andijon" yangi a'zosi Abinur Nurimbet: "Kelajakda Qozog'iston milliy terma jamoasi libosida maydonga tushishni istayman"

Sherzod Nurmatov
26 iyul 2024, 12:04
Yaqinda qozog'istonlik 19 yoshli iqtidor egasi Abinur Nurimbet "Andijon" klubi bilan shartnoma imzoladi va ilk bor O'zbekiston Superligasida faoliyat olib boradi.

Futbolchi ushbu yangi chaqiruvni ijobiy qabul qildi va o'zini ko'rsatishga tayyor. Klub matbuot xizmati u bilan intervyu uyurtirdi va bir qator savollarga javob oldi.

- Abinur, "Andijon" klubiga xush kelibsiz. Hammasi qanday sodir bo'ldi?

- "Gomel"dan keyin uyim – Tarazda bo'ldim. Universitetdagi o'qish masalasi bilan shug'ullanayotgandim. Keyinchalik shartnoma imzolash imkoniyati bilan "Andijon" yig'inlarida qatnashish taklifi kelib qoldi.



- Bir necha kundan beri klubning yozgi yig'inida ishtirok etyapsiz. Dastlabki taassurotlaringiz qanday?

- Jamoadagi muhit yaxshi, meni iliq qabul qilishdi, hammasi zo'r ketyapti.

- Sizni "Qozog'istonning Arda Gyuleri" deb atashmoqda. Bu taqqoslash sizga yoqadimi?

- Gyuler bilan taqqoslashlari haqida bilmayman. Qolaversa, u chapaqay, men esa o'ngaqayman.

- Bungacha "Andijon" jamoasi haqida nimalarni bilardingiz?

- O'yinlar sharhini ko'rdim. Har qalay, u yerda Belurusdagi sobiq jamoadoshim Rustam to'p tepadi. U menga muxlislar qattiq qo'llab-quvvatlashini ta'kidlab o'tdi. Chindan ham ishqibozlarning tribunadagi zo'r qo'llab-quvvatlashlarini sezdim.



- Darvoqe, o'zingiz uchun raqam tanladingizmi?

- Hozircha tanlaganim yo'q.

- Oldin Belarus chemponatida Rustam Turdimurodov bilan birga o'ynagansiz. Endi u bilan yana bir jamoadasiz. Buni kutganmidingiz?

- Agarda rostini aytsam, hammasi bunchalik tez ro'y berishini sira kutmagandim. Mavsum boshida butun mavsumni "Gomel"da o'tkazishni rejalashtirgan edim.

- O'z oldingizga qanday maqsad qo'ydingiz?

- Hozir butun diqqat-e'tiborim "Andijon" maqsadlariga qaratilgan, rahbarlar, jamoa murabbiylari qo'yayotgan maqsadlarga e'tibor qaratganman. Kelajakda esa albatta Qozog'iston milliy terma jamoasi libosida maydonga tushishni istayman.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Андижон" матбуот хизмати