Aleksandr Krestinin: "Osiyo Kubogidagi ishtirok Qirg'iziston uchun katta bayram bo'ladi"

Xayrulla Xoliqov
5 may 2018, 22:07
Osiyo Kubogi-2019 musobaqasi Qirg'iziston uchun alohida ahamiyatga ega bo'ladi.

Chunki yon qo'shnilarimiz tarixda birinchi bor Osiyo chempionatida ishtirok etishadi. Kecha Dubayda tashkil qilingan qur'a tashlash marosimida Qirg'iziston terma jamoasi bosh murabbiyi Aleksandr Krestinin ham bor edi. Qur'a natijalari ma'lum bo'lgach, rossiyalik murabbiyni suhbatga tortdik.  

- Aleksandr Sergeevich, qur'a qanday taassurot qoldirdi?
- Tashkiliy tomonlama ham, boshqa jihatdan ham tadbir yuqori saviyada bo'ldi deya olaman. Eng muhimi, hamma o'z raqiblarini bilib oldi va buyog'iga tayyorgarlik boshlanadi.

- Qirg'iziston joy olgan guruh haqida nima deya olasiz?
- Oddiy guruh emasligi ko'rinib turibdi. Umuman olganda har bir guruh o'ziga yarasha murakab. Xitoyda dunyoning eng kuchli murabbiylaridan biri Marchello Lippi ishlayapti. Janubiy Koreya esa Osiyoning yetakchi jamoalaridan biri hisoblanadi. Filippinda amerikalik mutaxassis ishlayapti va uni yaqindan bilaman.

- Qirg'izistonning ishtirokidan nimalarni kutyapsiz?
- Biz Osiyo Kubogida debyutantmiz, yani tarixda birinchi marta qatnashamiz. Shu bois boshqalarning bizga nisbatan qanday munosabatda bo'lishini bilmayman. Lekin biz ham o'zimizni ko'rsatishga harakat qilamiz. Osiyo Kubogiga chiqish futbolchilar uchun ham, muxlislar uchun ham katta voqeilik bo'ldi.

- Terma jamoaning hozirgi holati qanday?
- O'ylaymanki, o'yindan o'yinga o'sib boryapmiz. Lekin Osiyoning boshqa jamoalari bilan solishtirganda kamchiliklarimiz ko'p. Hali Osiyo Kubogida shov-shuv yaratishga harakat qilamiz.

- O'zbek futboli haqida tasavvuringiz qay darajada?
- Bu borada ma'lumotga egaman deya olaman. Sizlarda futbol saviyasi ancha yuqori. Milliy chempionat ham kuchli deb bilaman.

- O'zbekiston joy olgan guruh haqida fikringiz?
- Yaponiya - kuchli, lekin O'zbekiston ham chakki emas. Menimcha, sizning jamoangiz bemalol guruhdan birinchi o'rin bilan chiqa oladi.

X.Xoliqov suhbatlashdi.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia