Aleksandr Andronikashvili: "Andijon"ga o'tishim juda tez va kutilmaganda sodir bo'ldi"

Iskandarov Abdulaziz
1 yanv 2026, 11:10
Bu yilgi mavsumda “Andijon” sharafini himoya qiladigan yangi futbolchilardan biri, gruziyalik legioner Aleksandr Andronikashvili faoliyatida shubhasiz yangi sahifa ochilmoqda.

Tez orada tarkibga qo'shiladigan ushbu o'yinchi klub matbuot xizmatiga dastlabki intervyusini berdi.

- “Andijon” klubiga o'tishingiz qanday yuz bergani haqida to'xtalib o'tsangiz.

- Bilasizmi, hammasi juda tez va kutilmaganda sodir bo'ldi.

- Adashmasam, siz “Dila” jamoasi bilan ikkita sovrin yutdingiz. Endi “Andijon” bilan ham birga sovrin yutmoqchidirsiz-a?

- Ha, 2025-yil bu borada muvaffaqiyatli bo'ldi. Men “Andijon” bilan maksimal maqsadlar uchun kurashish borasida qo'limdan keladigan hamma narsani qilaman.

- Faoliyatingizda ilk bor legioner sifatida chetda to'p tepasiz. Bungacha nega legionerga aylanmagansiz?

- Ilgari ham variantlar bor edi. Lekin men to'g'ri vaqtni va to'g'ri tanlov uchun jamoani kutayotgandim. Ishonchim komilki, bu qarorim muvaffaqiyatli bo'ladi.

- O'zbek futbolini va xususan “Andijon” haqida nimalarni bilardingiz?

- O'zbekistonda futbolni juda yaxshi ko'rishlarini eshitdim. “Andijon”ga kelsak, ularning o'ziga xos muxlislari borligini bilaman.

- “Andijon” klubidan taklif haqida eshitganingizda ilk fikringiz qanday bo'ldi?

- Menga ko'p narsalar yoqdi. Avvalo, murabbiy, muxlislar, mashg'ulot bazasi va stadion.

- Yangi jamoada qaysi raqamda o'ynashni xohlaysiz?

- Bu unchalik muhim emas. Lekin 6-raqam yaxshi bo'lardi. Chunki men bu raqam bilan muvaffaqiyatli mavsumlarni o'tkazganman.

- Yana bir gruziyalik futbolchi - Ashortiya ham “Andijon”da to'p tepadi. U bilan ham gaplashdingizmi?

- Ha, albatta. Men u bilan gaplashdim va O'zbekistonda o'ynash tajribasiga ega bo'lgan gruzin jamoadoshimga ega bo'lish juda yoqimli.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: "Андижон" матбуот хизмати