"Al Quvayt" yoki "Al Shorta". "Lokomotiv"ga qaysi jamoa raqib bo'ladi?

Narzulla Saydullayev
2 fev 2014, 10:41
Bugun OFK chempionlar ligasi pley-off birinchi bosqchi o'yinlari bo'lib o'tadi.
Quvaytdagi "Al Quvayt" - "Al Shorta" uchrashuvi (o'yin 2 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:30da boshlanadi) o'zbekistonlik futbol muxlislari tomonidan qiziqish bilan kuzatib borilishi shubhasiz. Sababi ushbu o'yin g'olibi 8 fevral kuni Toshkentda "Lokomotiv" bilan bellashadi.

"Temiryo'lchilar"ga qaysi raqib to'qnash keladi? Bu borada o'z uyida o'ynaydigan "Al Quvayt"ning imkoniyati biroz balandroq.

O'tgan yil so'nggi 5 yilda to'rt bor OFK kubogi finaliga chiqib uch bor unda g'olib chiqqan "Al Quvayt" 2011 yilgi finalda Qarshida "Nasaf"ga mag'lub bo'lib ketgani ko'pchilikni yodida bo'lsa kerak.

1960 yilda tashkil topgan klub o'tgan mavsumda Quvayt chempioni bo'lgan, undan oldingi ikki yilda chempionatni ikkinchi o'rinda tugatgan. Umumiy qilib olganda "Al Quvayt" hisobida 11ta chempionlik, 9ta Quvayt Amiri kubogi, 5ta Quvayt Shahzodasi kubogi, 3ta Quvayt Federatsiyasi kubogi va 1ta Quvayt superkubogi mavjud.  

Ruminiyalik murabbiy Marin Ion boshqarayotgan jamoa Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichida uch marta (2005, 2007 va 2008 yillar) ishtirok etgan. Uchala holatda ham jamoa keyingi bosqichga chiqa olmagan.

"Al Quvayt"dagi legionerlar: Issam Jemaa va Shodi Hammami (ikkisi Tunis), Hussain Ali Baba (Bahrayn), Javod Nekunam (Eron), Rojerino (Braziliya).


Iroqda ikki marta chempion bo'lgan "Al Shorta" o'tgan mavsum 15 yillik tanaffusdan so'ng yana mamlakatda tengsiz bo'ldi va uchinchi bor chempionlikka erishdi. Klub 1982 yilda Arab chempionlar ligasida g'olib chiqqan.  

Bog'dod jamoasi 1932 yilda tashkil topgan, o'z o'yinlarini "Al Shorta" stadionida o'tkazib keladi. Klub xo'jayini iroqlik Ayad Binyan hisoblanadi.   

Braziliyalik Lorival Santos murabbiylik qilayotgan "Shorta" Osiyo chempionlar ligasida ikki bor (2004 va 2005 yil) ishtirok etgan. Xuddi "Al Quvayt" singari guruh bosqichi bu jamoa uchun ham so'nggi bekat bo'lib qolgan.

"Al Shorta"dagi legionerlar: Pol Kulibali (Burkina Faso), Innosent Avoa (Kamerun), Kristiano (Braziliya), Hamda Al Masri (Suriya).

Imkoniyatlar: "Al Quvayt" foydasiga 70:30.

Sizningcha qaysi klub "Lokomotiv"ga raqiblik qiladi? Fikrlaringizni yozib qoldiring.


Narzulla Saydullaev.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia