AGMKning OCHLdagi raqibi Antaliya yig'inini davom ettirmoqda

Xayrulla Xoliqov
3 fev 2019, 11:01
Xabaringiz bor, o'z tarixida ilk bor O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritgan AGMK bu mavsum OCHLda ishtirok etadi.

AGMKning bu yilgi maqsadlari ulkan. Klub rahbariyati bejizga Mirjalol Qosimovni bosh murabbiy etib tayinlagani yo'q. 12 fevral kuni bu jamoa Olmaliqda Osiyo chempionlar ligasidagi ilk uchrashuvini o'tkazadi. Pley-off bosqichi doirasida Tojikistonning "Istiqlol" klubi Olmaliqda mehmon bo'ladi.

Mazkur uchrashuv bitta o'yindan iborat va yutqazgan jamoa musobaqani tark etadi. Yutgan jamoa esa keyingi bocqichga yo'l oladi va safarda Saudiya Arabistonining "Al Nasr" klubiga qarshi bahs olib boradi. Hozirda Dushanbening "Istiqlol" klubi OCHLga tayyorgarlikni Antaliyada olib boryapti.

Jamoa Turkiyadagi o'quv-mashg'ulot doirasida hozircha ikkita o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdi. Hakim Fuzaylov shogirdlari avvaliga Qozog'istonning "Tobol" klubiga 1:2 hisobida mag'lubiyatga uchrashdi, keyingi bellashuvda esa Bosniya va Gertsegovinaning "Chelik" jamoasi 2:0 hisobida mag'lub etildi.

Bugun "Istiqlol" uchinchi nazorat bahsini Daniyaning "Kyoge" jamoasiga qarshi o'tkazadi. Jamoa shuningdek, 6 fevral kuni Rossiyaning "Tom" hamda 7 fevralda "So'g'diyona" bilan o'ynaydi.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia