

Klubning bir muddat jahonda tengsiz bo'lishiga "La Masiya" tarbiyalab bergan oltin avlodning o'rni beqiyos. Pike, Xavi, Inesta, Messi yoki Buskets haqida ko'p va xo'b gapirilgan. Akademiyada ular bilan birga tarbiya topgan, istiqboli ham yuqoridagi futbolchilar singari yorqin bo'lishi kutilgan yana yuzlab futbolchilar borki, bugun eslanmaydi ham. Shundaylardan biri Serbiyadan Kataloniyaga ko'chib borgan Boyan Krkichdir. U ko'k-anorrangli libosda debyutini 17 yosh-u 19 kunligida nishonlab, Leo Messining bu boradagi rekordini yangilagan edi. Gvardiolaning "Barselona"sida 162 o'yinda 41 ta gol urgan forvard Ispaniyaning turli yoshdagi terma jamoalarida ham muntazam ravishda o'ynardi. E'tiborli jihati, Krkich "Barsa" tarkibida 100-o'yinini o'tkazgan eng yosh o'yinchi ham hisoblanadi. La Liga tarixida esa undan yaxshiroq natijani faqat 2 futbolchi qayd etgan: afsonaviy Raul hamda Xoseba Echcheberria.
Biroq, katalon klubida soyada qolishni istamagan Boyan 2011 yilda A Seriyaga ko'chib o'tdi va shu orqali o'z oyog'iga "bolta urdi". "Roma" va "Milan"dagi 2 yillik faoliyat, "Barselona"ga qaytish, "Ayaks", Bundesliga, "Stok Siti" - Krkich bularning hech birida porlay olmadi.

Oqibatda, 2019 yilning yozida Yevropadan bosh olib kyetishga majbur bo'ldi. Kanadaning "Monreal Impakt" jamoasi uchun 22 o'yinda 7 gol urgan hujumchi joriy yilning boshida erkin agentga aylandi. Ammo, hozircha yangi klubini topganicha yo'q.

Xorij matbuotining takidlashicha, Krkich yangi mavsumni Fransiyaning o'rtamiyona jamoalaridan biridan boshlaydi. Ma'lumot uchun, u ayni paytda 30 yoshda va bu paytga kelib, evrofutbolning eng yaxshi forvardlaridan biriga aylanishi taxmin qilingan edi.

