20 yildan so'ng, Allaniyozov olgan medalni Alimov ham qo'lga kirita oladimi?

Nadirkhuja Yuldashev
15 sen 2014, 12:00
Mashg'ulotlar yakunidan keyin Navro'z Alimovni o'yinga oid fikrini, aniqrog'i musobaqaga o'zini qanchalik tayyorligini so'radim.
Boisi, u bugun nafaqat bu yoshlar terma jamoasida, balki MTJning ham nazariga tushayotgan hujumchilarimizdan biri. Faoliyatini chekka hududlarda o'tkazayotganligi bois, juda kamtar. Og'zidan bir gapni olish uchun ancha vaqt sarflaysiz. Navro'zga fikr bildirishdan, bitta o'yinda ikkita gol urish osonroq. U bilan “Qizilqum”da ishlab yurgan paytim tanishgan edim. Bu futbolchi haqida hozir ko'chpilik qiziqib qolgan. Ma'lumot sifatida shuni keltirib o'tishim mumkinki, uni Aleksey Evstafeevning tavsiyasi bilan Ravshan Haydarov “Qizilqum”ga jalb etgan. Nukuslik futbolchi faoliyatini “Orol”da boshlagan edi. Afsuski bu jamoaning moliyaviy holati juda ham qoniqarsiz. Aks holda Nukusda ko'plab istedodli futbolchilar chiqishgan bo'lar edi.

“O'zim o'yinga 100% tayyorman. Ertaga murabbiyimiz Shuhrat akaning tug'ilgan kunlari. Ularga sovg'a tayyorlashni niyat qilganmiz. Musobaqaga jiddiy tayyorgarlik ko'rdik, bu borada O'FFga rahmat aytishimiz mumkin. Bir qator o'yinlarda ishtirok etdik, maqsadimiz, tabiyki chempion bo'lish", - deydi Navro'z Alimov.

Buni qarangki, 1994 yili O'zbekiston terma jamoasi safida Byerdax Allaniyozov ham bo'lgan. Bu posbon ham Qoraqalpog'iston vakili edi. Oradan 20 yil o'tib tarkibimizda Nukusdan futbolchi o'rin oldi. O'xshashliklar etarlicha, endi medalni ham o'xshatishimiz kerak.

Nodirxo'ja Yuldashev


Nadirkhuja YuldashevMuallif
Manba: championat.asia