

2010 yilning 11 iyun kuni. Butun dunyoning nigohi Afrika qitasida ilk bor o'tkazilayotgan mundialga – Yoxannesburgdagi "Soccer City" stadioniga qaratildi. JAR va Meksika terma jamoalari o'rtasidagi ochilish o'yini nafaqat maydondagi voqealar, balki uning atrofidagi kutilmagan hodisalar, qayg'uli xabarlar va hakamlik olamidagi yangi yulduzning porlashi bilan tarixga muhrlandi. Quyida o'sha uchrashuvga oid qiziqarli ma'lumotlarni yodga olamiz.
Musobaqa boshlanishiga bir kun qolganida Sovetodagi "Orlando" stadionida ulkan koncert dasturi bo'lib o'tdi. Kolumbiyalik xonanda Shakira o'zining mashhur "Waka Waka" qo'shig'ini ijro etib, butun qitaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Afsuski, bayram shukuhini qayg'uli xabar buzdi. Musobaqaning tashkil etilishida eng asosiy rol o'ynagan JARning sobiq prezidenti Nelson Mandelaning 13 yoshli chevarasi Zenani Mandela avtohalokatda fojiali tarzda halok bo'ldi. Oqibatda, Mandela ochilish marosimida ishtirok eta olmasligini ma'lum qildi. Butun mamlakat bayram va motam orasida qoldi.

Stadionlardagi xavfsizlikni taminlovchi mahalliy xodimlar maoshlarning kamligi sababli aynan o'yin kuni ish tashlashdi. Hukumat tartibsizliklarning oldini olish va musobaqa obro'sini saqlab qolish uchun zudlik bilan policiya qo'shinlarini stadionlarga jalb qilishga majbur bo'ldi.

Yoxannesburg ko'chalarida misli ko'rilmagan tirbandliklar yuzaga keldi. Logistikadagi xatoliklar tufayli minglab muxlislar va hatto bazi FIFA rasmiylari ham "Soccer City" stadioniga kechikib kelishdi.
Ochilish marosimi mahalliy madaniyatni o'zida to'laqonli mujassam etdi. Maydon bo'ylab to'pni dumalatib yurgan ulkan go'ng qo'ng'izi maketi ko'pchilik xorijliklarni hayratda qoldirdi. JAR xalqi uchun esa bu hasharot mehnatkashlik va qiyinchiliklarni engib o'tish timsoli edi.

O'yindan oldin G'arb matbuotida biroz shubha va hayrat hukm surgan edi. Ko'plab Yevropa nashrlari "Bu 32 yoshli o'zbek hakami kim?", "Nega FIFA bunday ulkan mas'uliyatni futbol derjavasi bo'lmagan mamlakat vakiliga topshirdi?" mazmunida maqolalar e'lon qildi. Yevropa nashrlari futbol derjavasi bo'lmagan mamlakat vakili bunday bosimni ko'tara olishiga shubha bilan qarashdi.
O'yin boshlanishi bilan butun dunyo telekompaniyalari sarosimaga tushdi. Millionlab tomoshabinlar sharhlovchilarning ovozini eshita olmayotganidan shikoyat qildi. Bunga stadionni larzaga keltirayotgan mahalliy karnaylar – vuvuzelalarning tinimsiz shovqini sababchi edi.
Jahon chempionatlari odatda yozning jaziramasida o'tishiga ko'nikib qolgan muxlislar va jurnalistlar uchun JARdagi musobaqa haqiqiy shok bo'ldi. Iyun oyi Janubiy Afrikada qish faslining boshlanishi hisoblanadi. Ochilish o'yini vaqtida Yoxannesburgda harorat keskin pasayib ketgan, stadiondagi ko'plab muxlislar qalin kurtkalar, shapkalar va hatto ko'rpalarga o'ranib olishgan edi. Yozgi turnirning bunday "sovuq" manzarasi efir orqali juda g'ayrioddiy ko'ringan.

O'yinning 55-daqiqasida maydon egalari vakili Sifive Tshabalala musobaqaning birinchi golini kiritdi. Uning jamoadoshlari bilan qilgan raqsi va ingliz sharhlovchisi Piter Drarining "Bu gol butun Afrika uchun!" degan hayqirig'i tarixga muhrlandi. O'yin esa 1–1 hisobidagi durang bilan yakun topdi.
Shubha bilan kutib olingan Ravshan Ermatov maydonda haqiqiy mahorat ko'rsatdi. U 84 mingdan ortiq tomoshabin qarshisidagi o'ta yuqori ruhiy bosim ostida o'yinni beminnat boshqardi. Uchrashuv davomida 4 ta sariq kartochka ko'rsatdi va qariyb 12 kilometr masofa bosib o'tib, futbolchilardan qolishmaydigan jismoniy tayyorgarligini namoyish etdi.
O'yin tugashi bilan G'arb ommaviy axborot vositalari Ermatovni madh eta boshladi. BBC, "The Guardian" va "Marca" kabi yirik nashrlar uning maydondagi xotirjamligini maqtab, "Uchrashuvning eng yaxshi ishtirokchisi – hakam bo'ldi" degan sarlavhalar bilan chiqishdi.
Sport jurnalistlari Ermatovning tarjimai holini o'rganib, uning 18 yoshida og'ir jarohat tufayli futbolchilikni tashlab, otasining maslahati bilan hakamlikka o'tgani haqidagi ilhomlantiruvchi hikoyani butun dunyoga tarqatdi. JAR – Meksika o'yinidan so'ng o'nlab jahon telekanallari va gazetalari Ermatovdan intervyu olish uchun navbatga turgan. Biroq, matbuotda hakamlarning FIFA qoidalariga ko'ra turnir davomida jurnalistlarga gapirishi taqiqlangani, shu sababli Ermatovning jimligi unga nisbatan qiziqishni yanada oshirib yuborgani haqida xabarlar tarqaldi. Media faqatgina FIFA hakamlar qo'mitasi vakillarining "U o'ziga bildirilgan ishonchni yuz foiz oqladi" degan rasmiy bayonotlari bilan kifoyalanishga majbur bo'lgan.

Uchrashuvdan so'ng zudlik bilan Yevropa va Amerika telekompaniyalari keyingi translyatsiyalar uchun efirlarda vuvuzela chastotasini pasaytiruvchi maxsus audio filtrlarni yaratishga kirishdi.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.



