Xushxabar: "Qizilqum" - "Paxtakor" uchrashuvi Sport TVda jonli olib ko'rsatiladi

Aslanov Jasurbek
11 apr 2015, 10:01
Bugun mamlakatimiz oliy liga jamoalari 4-tur uchrashuvlarini boshlashadi.

Taqvimga ko'ra, dastlab muxlislar  Navbahor (Namangan) – So'g'diyona (Jizzax), Metallurg (Bekobod) – Neftchi (Farg'ona), Sho'rtan (G'uzor) – Dinamo (Samarqand), Qo'qon-1912 (Qo'qon) – Andijon (Andijon) jamoalari bahsiga guvoh bo'lishadi.

Yana uchta o'yin esa 12 aprelda bo'lib o'tishi belgilangan. Unda Mashal (Muborak) – Olmaliq (Olmaliq),Qizilqum (Navoiy) – Paxtakor (Toshkent) hamda Buxoro (Buxoro) – Nasaf (Qarshi) juftliklari maydonga chiqadi.

Mazkur to'rtinchi turni yakunlab beruvchi Lokomotiv (Toshkent) – Bunyodkor (Toshkent) bahsi esa 13 aprel kuni o'tkaziladi.

Shu o'rinda muxlislar uchun o'ziga xos yangilikni bildirib o'tsak, Navoiy viloyati hokimligi, "Qizilqum" PFK va O'zbekiston teleradiokompaniyasi hamkorligida ilk marotaba Navoiy shahrida bo'ladigan "Qizilqum" - "Paxtakor" jamoalari bahsi oynai jahon orqali to'g'ridan to'g'ri olib ko'rsatiladi.

Uchrashuv Navoiy shahridagi Umid qo'rg'onida qad rostlagan "Yoshlar" sport majmuasida bo'lib o'tadi. Sport telekanali orqali jonli namoyish etiladigan mazkur o'yinni Zafar Imomxo'jaev hamda Rahmonqul Boltaevlar birgalikda sharhlab borishadi.

"Qizilqum" - "Paxtakor" jamoalari uchrashuvi 12 aprel kuni soat 17.30 da boshlanadi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: fcqizilqum.uz