“Vodiy futboli”. “Navbahor” Toshkentda yig'ildi

Tolibjon Qosimov
25 may 2015, 15:43
Vodiy futboliga oid yangiliklar bilan tanishtirishda davom etamiz.
“Andijon”: Bugundan mashg'ulotlar boshlandi
Edgar Gess kecha futbolchilarga bir kunlik dam bergan edi. Bugundan yana mashg'ulotlar boshlandi, tushda o'tkazilgan mashg'ulotda barcha o'yinchilar ishtirok etishdi.

Oliy liganing 9-turida “Navbahor”ga qarshi kechgan bellashuvda qizil kartochka olgan Sanjar Asqaraliev hamda Ibrohim Otaxonovlar keyingi o'yinda maydonga tushishlari mumkin. Ular bitta o'yinga diskvalifikaciya qilingan edi.


“Qo'qon-1912”: Futbolchilarga bir kunlik dam berildi

Qo'qonliklar oliy liga 10-turida “Lokomotiv”ga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berib qo'yishdi. Bugun bosh murabbiy Rustam Abdullaev futbolchilarga bir kunlik dam berdi. Ertadan esa navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlik boshlanadi.

Eslatib o'tamiz, “Qo'qon-1912” jamoasi 11-turda o'z maydonida “Navbahor” bilan kuch sinashadi.


“Navbahor”: Jamoa Toshkentda yig'ildi
Oliy liga 11-turida “Olmaliq” bilan o'tkazilgan o'yindan keyin futbolchilarga dam berilmadi. Jamoa kecha klub bazasida mashg'ulot o'tkazdi. Bugun esa jamoa Toshkentda yig'ildi. Kechki mashg'ulot poytaxtda bo'lib o'tadi.

Eslatib o'tamiz, “Navbahor” jamoasi o'zining navbatdagi o'yinini 27 may sanasida O'zbekiston kubogining 1/8 finali doirasida Toshkentning “Lokomotiv” klubiga qarshi o'tkazadi.

“Neftchi”: Derbiga tayyorgarlik boshlandi
“Neftchi” oliy liganing oxirgi ikkita turida “Paxtakor” va “Nasaf”ga imkoniyatni boy berib qo'ydi.

Jamoa bugundan mashg'ulotlarga kirishdi. Navbatdagi turda ham klubni qiyin o'yin kutib turibdi. Oliy liga 11-turida “Neftchi” vodiy derbisida “Andijon”ga qarshi maydonga tushadi.

Tolibjon QosimovMuallif
Manba: championat.asia