"Vodiy futboli". "Navbahor" muxlislariga yangilik

Narzulla Saydullayev
8 may 2015, 12:47
Bugun yoshlar ligasining 8-turi doirasida vodiyning ikki klubi tur o'yinlarini o'tkazishadi.
"Andijon": Abdulatif Abduqodirov: "Sobiq jamoamga qarshi o'ynash baribir boshqacha bo'ladi"

Muxlislarga yaxshi ma'lumki, “Andijon” jamoasi 8-tur uchrashuvini Toshkentda “Lokomotiv” klubiga qarshi o'tkazadi. Mazkur bahsga jamoamiz qizg'in tayyorgarlik ko'rmoqda.

Temiryo'lchilarga qarshi uchrashuv oldidan “Andijon” hujumchisi Abdulatif Abduqodirovdan o'yin oldi fikrlarini bilishga qiziqdik. Boisi Abduqodirov “Lokomotiv” jamoasining sobiq o'yinchisi sanaladi. U 2008-2010 yillar mobaynida temiryo'lchilar sharafini himoya qilgan.

- Albatta, sobiq jamoamga qarshi o'ynash boshqacha bo'ladi. “Lokomotiv” sharafini uch mavsum himoya qilib, jamoada yaxshi damlarni o'tkazganman. 2009 yili boshqaruvga Vadim Abramov kelganidan so'ng “Lokomotiv” yaxshi jamoaga aylangan. O'sha paytda men ham uning qo'l ostida to'p surganman. To'g'ri, ayni paytda “Loko” chempionatimizning yetakchi klublaridan biri sanaladi. Ularga qarshilik ko'rsatish oson emas. Ammo futbolda hamma narsa bo'lishi mumkin. Shu bois “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvda maydonga ochko olish ilinjida tushamiz.  


"Qo'qon-1912": Yoshlarimiz bugun ham g'alaba haqida o'ylamoqda

Bugun yoshlar ligasining 8-tur o'yinlari bo'lib o'tadi. Chempionatni hamon mag'lubiyatsiz o'tkazayotgan "Qo'qon-1912" yoshlar jamoamiz ham bugun tong saharda Navoiy shahriga yetib keldi.

Kecha yoshlar jamoamizning yetakchi o'yinchilari bilan suhbatlashib kelar ekanmiz, "Qizilqum" bilan o'yinda ham faqat g'alaba uchun o'ynashlarini alohida ta'kidlab o'tishdi.
Markaziy himoyachi Ismoiljon Oxunjonov va markaziy yarim himoyachi Iqboljon Malikjonov bugun uyga 3 ochko bilan qaytishlari uchun astoydil tayyorgarlik ko'rayotganini aytib o'tdi. Demak, yoshlarimizdan g'alaba kutib qolamiz. Eslatib o'tamiz, mazkur uchrashuv bugun soat 17:00da boshlanadi.   



"Neftchi": Yoshlarimiz bugun "Dinamo"ga qarshi o'ynashadi

Bugun yoshlar ligasining 8-tur o'yinlari boshlanadi. Farg'onaning "Neftchi" klubi yoshlari Samarqandning "Dinamo" klubini qabul qiladi. Ushbu uchrashuv Qirgulidagi "Neftchi" stadionida bo'lib o'tadi. Bahs soat 17:00da boshlanadi.

Bahrom Haydarov boshchiligidagi farg'onalik yoshlar hozirga qadar 7ta o'yinda 2ta g'alaba 1ta durang qayd etishdi. Shu bois navbatdagi bahsda futbolchilar faqat g'alaba uchun maydonga  tushishadi.


"Navbahor": Chipta narxi 5000ga tushdi

Namanganning "Navbahor" klubi oliy liganing 8-turini Qarshining "Nasaf" klubiga qarshi o'tkazadi. O'yin arafasida klub matbuot xizmati muxlislar uchun yangilikni ma'lum qildi.

Unga ko'ra keyingi uchrashuv uchun chiqarilgan chiptalar narxi barcha sektorlar uchun 5000 so'mdan sotiladi. Bu klub rahbariyati tomonidan muxlislar talab-istaklarini inobatga olingani bilan izohlandi.

Eslatib o'tamiz, bunga qadar "Navbahor"ning uy o'yinlariga chiptalar 10 ming, 7 ming so'mdan sotilayotgan edi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia