

15 oktyabr, seshanba kuni Toshkentdagi Paxtakor stadionida O'zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi-2015 saralash E guruhi 3-tur uchrashuvlari doirasida Vetnam terma jamoasini qabul qildi. Bungacha Mirjalol Qosimov shogirdlari saralash bahslarida Gongkong terma jamoasi bilan 0:0 hisobida durang o'ynagan, BAA milliy termasiga esa 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
Vetnamga qarshi uchrashuvda bir qator futbolchilar O'zbekiston milliy terma jamoasi safida debyut qildi. Darvozani Nasafdan chaqirilgan Eldor Suyunov qo'riqlagan bo'lsa, yarim himoyada ilk bor Nasaf vakili Ilhom Yunusov harakat qildi. Ikkinchi bo'limda esa Bunyodkor hujumchisi Sardor Rashidov O'zbekiston milliy termasi libosida ilk bor maydonga tushdi. Aynan Rashidov 69-daqiqada hisobni ochdi.
Oradan ko'p o'tmay, o'ng qanotdan tashkil etilgan hujumni bartaraf etish vaqtida Vetnam milliy terma jamoasi himoyachisi Au Van Hoan o'z darvozasini ishg'ol qilib qo'ydi. 78-daqiqada esa Vetnam milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Nguen Hoang hisobni qisqartirishga muvaffaq bo'ldi. Uchrashuv yakunlanishiga bir daqiqa qolganida esa Paxtakordan chaqirilgan Igor Sergeev O'zbekiston milliy terma jamoasi safidagi birinchi golini urib, o'yin 3:1 hisobida yakunlanishini taminladi.
O'zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi-2015 saralashi doirasidagi navbatdagi uchrashuvlarni noyabr oyida o'tkazadi. Jumladan, 15 noyabr kuni Vetnamga qarshi to'p surilsa, 19 noyabr kuni Gongkongga qarshi bahs olib boriladi. Har ikkala o'yin safarda o'tadi.
Ma'lumot o'rnida, 15 oktyabr kuni Toshkentdagi uchrashuv bilan parallel ravishda bo'lib o'tgan Gonkong hamda BAA terma jamlari o'rtasidagi o'yin bo'lib o'tdi. Mazkur o'yinda safarda to'p surganiga qaramay, BAA milliy terma jamoasi yirik – 4:0 hisobida g'alaba qozondi va guruhning yaqqol peshqadamiga aylandi.
Osiyo Kubogi-2015 saralash
E guruhi, 3-tur uchrashuvi
15 oktyabr, seshanba
O'ZBEKISTON – VETNAM 3:1 (0:0)
Gollar: S. Rashidov (69), Au Van Hoan (73, avtogol), I. Sergeev (90+2) – N. Hoan (78).
Ogohlantirishlar: A. Ismoilov (89) – Au Van Hoan (31).
O'ZBEKISTON: E. Suyunov, SH. Mullajonov, A. Ismoilov, J. Hasanov (S. Rashidov, 46), A. Haydarov, S. Jeparov, B. Nasimov (I. Sergeev, 64), A. Geynrix, S. Tursunov, V. Denisov, I. Yunusov (J. Iskanderov, 38).
VETNAM: Nguen Tan Bin, Au Van Hoan, Nguen Van Bien, Chau Le Vin, Sao Si Suong (Tu, 67), Duy (Le Song Vin, 57), Hoang, An Duk, Kuok An, Nhien, Luong (Le Van, 47).
Bosh hakam: Muhsin Turkiy (Eron).
Toshkent, Paxtakor. 5675 tomoshabin.
OK-2015, SARALASH, E guruhidagi vaziyat
# | Jamoa | O' | YU | D | M | T-N | O |
1 | BAA | 3 | 3 | 0 | 0 | 8-2 | 9 |
2 | O'zbekiston | 3 | 1 | 1 | 1 | 4-3 | 4 |
3 | Gonkong | 3 | 1 | 1 | 1 | 1-4 | 4 |
4 | Vetnam | 3 | 0 | 0 | 3 | 2-6 | 0 |



