

Avvalroq Liga "Surxon" futbol klubining ishchi-xodimlar, futbolchi va murabbiylardan qarzdorligi masalasiga to'xtalib o'tgandi.
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 6 yanvardagi "Surxon PFC" mas'uliyati cheklangan jamiyati ustav fondidagi davlat ulushini "FC-Surhan" mas'uliyati cheklangan jamiyatiga sotish to'g'risida"gi 4-son qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyati hokimligi zimmasiga "Surxon PFC" mas'uliyati cheklangan jamiyatining o'tgan davrdagi faoliyati yuzasidan tezkor mustaqil audit tekshiruvini o'tkazib, klubning aniqlangan kreditor qarzdorligini 2023 yilning 10 yanvariga qadar bartaraf etilishini taminlash yuklatilgan bo'lsa-da, hozirgi kunga qadar qarzdorlik to'liq bartaraf etilmadi.
Surxondaryo viloyati hokimligi mazkur qaror ijrosini bajarishga kirishgani, "Surxon" futbol klubining moliyaviy-xo'jalik faoliyati to'liq o'rganilgani, futbol klubiga tegishli qarzdorlikning haqiqiy miqdoriga aniqlik kiritilgani O'zbekiston Professional futbol ligasiga ma'lum. Shunga qaramay, qarzdorlik hozirgi kunga qadar saqlanib turgani Ligani xavotirga soladi, deyiladi xatda.
Osiyo futbol konfederatsiyasining professional futbol klublarini licenziyalash mezonlaridan eng muhimi mavjud qarzdorlikning bartaraf etilganligi hisoblanadi. Oldindan tasdiqlangan taqvim rejaga muvofiq, Osiyo futbol konfederatsiyasining licenziyalash jarayoni joriy yilning martiga qadar yakunlanishi kerak edi. Keyinchalik O'zPFL so'roviga asosan mazkur jarayon faqatgina O'zbekiston uchun 30 mart kuniga qadar uzaytirildi.
Shundan kelib chiqib, 29 martga qadar "Surxon" futbol klubining sobiq futbolchi hamda murabbiylari oldidagi qarzdorligi bartaraf etilmasa, Osiyo futbol konfederatsiyasining AFC CLAS platformasida bu borada ochilgan qarzdorlik bo'yicha bandlar yopilmay qoladi hamda klubning licenziyalashdan o'ta olmasligiga sabab bo'ladi. Agar "Surxon" futbol klubi joriy yilgi mavsumda Osiyo futbol konfederatsiyasining licenziyalash jarayonidan o'ta olmasa, Superligada qaysi o'rinni egallashidan qati nazar o'z faoliyatini kelgusi mavsumda quyi ligada davom ettirishi "Superliga va Pro liga reglamenti"ning 10.2-bandida o'z aksini topgan.



