
Hozirda klub rahbariyatining ham, murabbiylar shtabi va futbolchilarning ham bor e'tibori nima qilib bo'lmasin, “Sho'rtan”ni oliy ligada olib qolishga qaratilgan. Bu borada klub bosh direktori Olloyor Rasulov, murabbiylardan Zoir To'raqulov va Ixtiyor Karimov astoydil ish olib borishmoqda. To'g'ri, hozirda jamoa yig'iniga yangilardan falonchi-pistonchi qo'shildi deb baralla gapira olmaymiz, lekin transfer darchasi yopilishiga hali vaqt borligi uchun hozirda murabbiylarimiz bu borada ish olib borishmoqda va yaqin kunlar ichida yangi o'yinchilar haqida ma'lumotga ega bo'lsak ajab emas.
“Sho'rtan”ning murakkaab vaziyatga tushib qolgani Qashqadaryo futbol federatsiyasi rahbariyatini ham befarq qoldirmayapti. Xususan QFF rahbari Norqul Daminov kuni kecha “Sho'rtan” vakillari bilan uchrashib, suhbat asosan jamoaning kelajagi xususida bordi. Muloqot davomida “Sho'rtan”ni oliy ligada olib qolish mavzusi bir necha bor ko'tarildi va bu borada viloyat futbol federatsiyasi ham qo'ldan kelgancha yordam qilishini Norqul Daminov aytib o'tdi.
“Sho'rtan”ni bosh murabbiy vazifasini bajaruvchi sifatida boshqarib kelayotgan Zoir To'raqulov bilan suhbatlashganimizda, Zoir aka klubni yaqin orada Dilyaver Abibullaev bilan Obid Jo'raboev tark etishi mumkinligini bildirdi. Agar oxir-oqibat shunday bo'lib chiqsa, unda tez orada bu ikki futbolchilning o'rnini to'ldirish zarur bo'ladi. Chunki har ikkala o'yinchi ham birinchi davrada “Sho'rtan”ning asosiy futbolchilari vazifasini bajarishdi. Ammo hozirgi kunda almashtirib bo'lmaydigan futbolchining o'zi yo'q. Mabodo Jo'raboev bilan Abibullaev jamoani tark etgudek bo'lsa, o'ylaymizki, murabbiylar bu yo'qotishlarning o'rnini to'ldira olishadi. Xususan o'rinbosarlar tarkibida to'p surib kelayotganlardan Alisher Arslonov, Umar Eshmurodov, Tolib Ochilov, Olim Karimov, Bobir To'raev kabi futbolchilar uchun allaqachon oliy ligada to'p surish fursati etdi. Bundan tashqari, Zoir To'raqulovning yoshlar bilan yaxshi ishlay olishini inobatga olsak, sanab o'tilgan futbolchilar aynan Zoir aka qo'l ostida oliy ligada o'ynab ketishsa ajab emas.
Hamma o'z tashvishi bilan band, ammo futbol sport va kurash ekanligini inobatga olsak, bu yerda raqiblarning ham hozirgi kunda qanday sharoitda ekanligini o'rganishimizga to'g'ri keladi. Nomlarini sanab o'tishdan yiroqmiz, lekin bugungi kunda qiyin vaziyatga tushib qolgan jamoa birgina “Sho'rtan” emas. Muammo har bir jamoada bor, ayniqsa oliy ligada qolish uchun harakat qilayotgan jamoalarda bu hol yaqqol ko'zga tashlanyapti. Ikkinchi davrada chempionlik uchun kurash qanchalik qiziydi bilmadig-u, lekin elitada qolish uchun bahslar juda jiddiy kechishiga shubha yo'q.
Qolaversa, birinchi davradan so'ng 13-o'rinda bo'lish, hammasi tugadi degani emas. Hali oldinda yana 13ta o'yin bor va astoydil harakat qilsak, “Sho'rtan” qiyin vaziyatdan bemalol chiqib keta oladi. Chunki klubda bunga sharoit ham, imkoniyat ham etarli. “Sho'rtan”da murabbiylar qayerda mashg'ulot o'tkazamiz deb qiynalishmaydi, axir mashg'ulot uchun maydonlar etarlicha topiladi. Shuningdek, o'yinchilarga ham imkon qadar klub rahbariyati tomonidan yaxshi sharoitlar yaratib berilmoqda. Faqat o'sha futbolchining ko'nglida “Sho'rtan” uchun astoydil to'p surish istagi bo'lsa bas.
Aytib o'tganimizdek, ikkinchi davrada “Sho'rtan” nima qilib bo'lsa-da yuqoriga ko'tarilish uchun harakat qiladi. To'g'ri, birinchi davrada pul bilan bog'liq bazi muammolar uchrab turdi, lekin bizga ma'lum bo'lishicha, tez orada hammasi yana joyiga tushadi. “Sho'rtan” hozircha avvalgidek kuchli to'rtlik uchun kurash olib bora olmasligi mumkin, ammo ikkinchi davrada klubning moliyaviy holati milliy chempionatda ishtirok etayotgan bir qator klublarnikidan kam bo'lmaydi va jamoa yo'q deganda 9-10-o'rinlar uchun kurasha oladi. Bunga sabab ham, sharoit ham, imkoniyat ham va eng muhimi ishonch ham etarli. Jamoa tarkibiga oliy ligada o'ynab nomi chiqqan futbolchilar kelib qo'shilmagan taqdirda ham tarkibda bo'lib turgan hozirgi futbolchilar bilan vazifa bajarilishiga ishonamiz. Chunki oliy ligada qolish bajarib bo'lmaydigan ish emas va hamma bir yoqadan bosh chiqarib ishlasa barchasini uddalasa bo'ladi.
Shu o'rinda muxlislarimizdan ortiqcha tashvishga tushmaslikni so'raymiz. Falonchi-pistonchi o'yinchilar kyetib qolyapti, endi nima bo'ladi kabi savollar yuzaga kelayotgani bor gap. Lekin klub tomonidan transferga qo'yilgan nomlarga bir e'tibor qarating. Masalan, Pavel Leus xorijlik darvozabon bo'la turib birorta karomat ko'rsata olmadi. U o'zi tushgan uchta o'yinda oltita gol o'tkazib yubordi. Shunday ekan, jamoaga bunday legionerning nima keragi bor? Undan ko'ra o'zimizning Aleksandr Korneychuk Leusdan ming marta yaxshi. Aziz Mansurov birinchi davraning birorta o'yinida maydonga tushmadi, nomi ulug'langan Pavel Solomin esa barcha 13ta bellashuvda ishtirok etgan bo'lishiga qaramay, atigi bitta gol urdi. O'z vaqtida terma jamoada to'p surgan hujumchi uchun oliy liganing 13ta o'yinida faqat bitta gol urish uyat emasmi? Tasavvur qiling-a, maydonda 868 daqiqa harakat qilgan futbolchi atigi bitta gol uryapti! Shavkat Raimqulovga kelsak, himoyachi 8ta bahsda maydonga tushgan bo'lishiga qaramay, jamoa o'yiniga tezda kirishib keta olmadi. Muzaffar Umrzoqov esa jarohati tufayli ko'p vaqtini davolanish bilan o'tkazdi. Shukur Jumaboev “Neftchi”dan ijaraga olingandi va shartnomaga ko'ra ijara muddatini o'tab yana Farg'onaga qaytib ketdi. Shu xolos.
Aytib o'tganimizdek, mabodo Obid Jo'raboev bilan Dilyaver Abibullaev klubni tark etadigan bo'lsa, bu “Sho'rtan” uchun katta yo'qotish bo'lishi mumkin. Lekin murabbiylarimiz bir amallab ularning o'rnini to'ldira oladigan o'yinchilarni topa olishadi. Shunday ekan, shu paytgacha o'rinbosarlar tarkibida to'p surib kelgan yigitlar uchun o'zlarini ko'rsatadigan payt keldi. Marhamat, mashg'ulotlarda qattiq ishlab asosiy tarkibdan joy oling va oliy liga havosidan bahramand bo'ling. Axir yoshlar o'zlarini hozir ko'rsatmasa, qachon ko'rsatadi?