“Sho'rtan” mavsumdagi ilk yirik g'alabasini qo'lga kiritdi

Narzulla Saydullayev
30 sen 2013, 20:47
G'uzorning “Sho'rtan” klubi 20-turni G'uzorda “Guliston”ga qarshi o'tkazib yirik g'alabaga erishdi – 3:0.
Shu tariqa, g'uzorliklarning oliy ligadagi 8 o'yinlik g'alabasiz seriyasi yakunlandi. Oxirgi marta “Sho'rtan” birinchi davrada, 11-turda Kosonsoyda “Navbahor” ustidan g'alabaga erishgandi (1:0). Shundan so'ng bo'lib o'tgan ketma-ket sakkiz o'yinda “oq bo'rilar” raqiblarini taslim qila olmay kelishdi.

Klubning o'z maydonidagi oxirgi g'alabasi esa ancha oldin qayd etilgan. 20 aprel kuni oliy liganing 6-turi doirasida “Sho'rtan” “Qizilqum”ni taslim qilgandi (2:0). Qariyb besh oylik tanaffusdan so'ng g'uzorlik muxlislar o'z sevimlilari ishtirokidagi g'alabali o'yinning guvohiga aylanishdi.

“Sho'rtan” uchun “Guliston” ustidan qozonilgan g'alaba mavsumdagi dastlabki yirik g'alaba bo'ldi. Oxirgi marta klub o'tgan yilning yozida raqib ustidan kamida uch to'p farqi bilan g'olib chiqa olgandi. 2012 yil 17 avgustida G'uzorda “Andijon” tor-mor etilgandi - 6:1. Shundan so'ng “Sho'rtan” oliy ligada 19ta o'yin o'tkazdi va raqibni yirik hisobda taslim qila olmadi. Nihoyat 28 sentyabr oqshomida bu qora ananaga ham barham berildi.

Bundan tashqari “Sho'rtan”ning o'zi uchun yaxshi ananasi davom etmoqda. Zoir To'raqulov boshchilgidagi klub oliy ligada ketma-ket uchinchi o'yinda ham gol o'tkazgani yo'q. Dastlab G'uzorda “Bunyodkor” bilan, so'ngra safarda “Olmaliq” bilan 0:0 hisobida durang o'ynalgandi. “Guliston” ham “Sho'rtan” darvozasiga yo'l topa olgani yo'q.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia