Sardor Azmun - muxlis va mutaxassislar e'tiborida

25 noya 2014, 16:48
Qop-qora sochi bilan ko'pchilikning e'tiboriga tushgan Sardor Azmun qisqa fursat ichida muxlislarga tanildi.
Uni hozirdanoq ko'pchilik "eronlik Messi" deya boshladi. Azmun futbolga kirib kelishidan oldin voleybol bilan shug'ullangan. Keyinchalik futbolga bo'lgan qiziqishi ortib millionlar o'yiniga kirib keldi va Eronning nomdor klublaridan biri "Sepaxan" bilan shartnoma tuzdi.

1995 yilda tug'ilgan yosh hujumchi chaqqon harakatlari tufayli tezda boshqa klublar qiziqishiga tushadi. Xususan Eronning o'zida "Piruzi" va "Istiqlol"dan, Yevropadan esa "Inter" futbolchiga taklif bildiradi. Lekin futbolchining o'zi Rossiyaning "Rubin" klubiga o'tishni maqul ko'rdi.

"Rubin"ga kelgan Azmun dastlabki mavsumni o'rinbosarlar tarkibida o'tkazdi. Keyinchalik Yevropa ligasida debyutini nishonladi. Bu orada Karlush Keyrush uni milliy terma jamoaga ham taklif etadi. Yaqinda bo'lib o'tgan Janubiy Koreya bilan kechgan o'rtoqlik uchrashuvida aynan uning yagona goli Eronga 1:0 hisobidagi g'alabani taqdim etdi. Futbol mutaxassislari hamda forslarning Sardor Azmundan Osiyo Kubogida umidi katta.