

"Ertaga biz uchun juda muhim o'yin. Har bir qarich er uchun kurashamiz, bizda ortga yo'l yo'q. Ortimizda xalqimiz turibdi. G'alaba qozonib ularni xursand qilishga urinamiz", - deydi Samvel Babayan.
Ertaga butun O'zbekiston uchun final deb o'ylayman. Biz chiroyli o'yin ko'rsatib ushbu "final"da zafar quchishga urinamiz", - deydi Jaloliddin Masharipov.

- Xitoy bilan o'yindan so'ng futbolchilarga nima dedingiz?
- Aslida bunday o'yinlardan keyin ortiqcha gap keragi yo'q. Shu paytgacha hakamlar haqidagi savollardan qochib kelgan bo'lsam endi ochiq aytaman: hakamlik juda ham past darajada. Biz Xitoyda nohaq tarzda yutqazdik. Yigitlarga hali imkoniyat borligini aytdim. Oxirigacha kurashamiz.
- Janubiy Koreya bilan muhim o'yindan oldin futbolchilar bilan o'zaro qanday suhbat bo'ldi?
Masharipov: - Futbolchilar oldingi o'yinni unutib bo'lishdi. Finalda g'olib chiqishga urinamiz. Yigitlarning kayfiyati yaxshi. Ertaga xudo xohlasa g'alaba qozonishga urinamiz.

- Abduxoliqov Sergeevdan qaysi jihat bilan kuchsiz?
- Hech qaysi tomonama kuchsiz emas.
- Bu bosqichda 5ta mag'lubiyatning 4tasida 85 daqiqadan keyin gol o'tkazib yutqazganmiz. Bu nimadan dalolat beradi?
- Ikkita o'yinda hakamlar so'nggi daqiqalarda darvozamizga penalti belgilashdi. Suriya bilan o'yinda penaltidan oldin Haydarovga nisbatan qoida buzilgandi. Xitoy bilan bahsda esa raqib simulyaciya qildi.

- Sergeev va Abduxoliqov masalasida yana savol: Asosiy tarkibda hujumchi tanlash uchun qanday jihatlar e'tiborga olinadi?
- Zamonaviy futbolda barcha jihat hisobga olinadi. Sergeev oliy liga ikkinchi davrasida bir nechta o'yin o'tkazdi. Abduxoliqov esa hali rasmiy o'yin o'tkazgani yo'q. Krimec? U Xitoy Superligasi yoshlar ligasida o'ynamoqda. Ushbu liga saviyasi ham anchagina yuqori darajada. U yerda 10 million turadigan legionerlar o'ynashmoqda.
- Eron va Suriya o'yini ham biz uchun muhim...
- Biz faqat o'z o'yinimiz haqida o'ylaymiz. Boshqa o'yinga ta’sir qila olmaymiz.
- Butun O'zbekiston ikki narsani kutmoqda. O'zbekiston Jahon chempionatiga chiqishini va Babayanning iste'foga chiqishini. Sizga bo'layotgan kesin tanqidlardan keyin o'zingiz shu haqda o'ylab ko'rmadingizmi?

- Terma jamoa bosh murabbiyi va iste'fo sinonim so'zlardir deb aytganman. Barchasi O'FF rahbariyatiga bog'liq. Taqdirim O'FF qo'lida.
- Rashidov zaharlangani haqida yozildi. Uning holati qanday?
- Terma jamoamizning besh nafar futbolchisi ovqatdan zaharlandi. Rashidovda bu og'irroq bo'ldi. Zaharlanganlar orasida Odil Ahmedov ham bor edi. Barcha yigitlar ertangi o'yinga tayyorlanishmoqda.
Narzulla Saydullaev


