Ravshan Haydarov: "Jamoaga doim g'alaba qozonish ruhini singdirish kerak"

Narzulla Saydullayev
29 sen 2013, 20:57
Bugun bo'lib o'tgan "Dinamo" - "Lokomotiv" (1:0) uchrashuvidan so'ng "Dinamo" jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov jurnalistlar savollariga javob berib o'tdi.
"Bizni oldimizda ketma-ket og'ir o'yinlar kelayotgani his qilib tayyorgarlikni olib borayapmiz. "Buxoro" dan keyingisi mana "Lokomotiv" edi va bu to'siqdan o'ta oldik. Buxorodagi o'yindan so'ng yigitlarda kayfiyat juda yuqori edi va tayyorgarlikni a'lo darajada olib borgan edik. "Lokomotiv" bizdan ustun edi deya olaman. Tarkib borasida ham, o'yin borasida ham. Qarshi hujumda o'zimizni baxtimizni izladik va buni uddaladik. Yigitlarda bugun sabrni ko'rdim. Ular oxirigacha chidab berishdi. Qarshi hujumlarda kam imkoniyat bo'lsa ham men ularga sabr qilinglar deb uqtirdim va vazifani bajarishdi. O'yinni oxirigacha golsiz o'yinni saqlab qolsak natijaga erishishimizni bilgan edim va bu amalga oshdi" - deya o'yin haqida dastlabki fikrlarini bildirib o'tadi Ravshan Haydarov.

- Buxorodagi g'alaba bugungi g'alaba uchun poydevor yasadi desak bo'ladimi?

- Har bitta g'alaba futbolchiga ishonch olib keladi. Hozirda tarkibimiz yangi va shuning uchun o'yinlarimiz bir yaxshi holatda bo'lsa, bir boshqacharoq holatda bo'ladi. Shunga qaramay intilish bor. Bir kun kelib bu jamoa to'la shakllansa yaxshi natija kuta olaman. Ishlarimiz ko'p lekin mana shunday g'alabalar o'ziga ishonchni orttiradi.

- "Paxtakor" dan omadli transfer sifatida Sanat Shixovni ko'rsatsak bo'ladi. Balki bunday transferlarni ko'paytirish kerakdir?
- Baribir qaysidir futbolchini ijaraga olish bu vaqtinchalik holatlardir. Biz o'zimizni futbolchilarni tayyorlashga urinishimiz kerak. Tajribali o'yinchisiz bu yoshlarimiz yaxshi saviyaga ko'tarila olmaydi. Jamoada shunday o'yinchilar bo'lishi kerak. Shu niyatda o'zim bilgan va tanigan futbolchilarga suyanishga qaror qildim. O'ylaymanki mana shu ijarada o'ynayotgan futbolchilar keyingi yili bo'lmasligi mumkin lekin ularni oldida Sharofetdinov, Nabiev kabi futbolchilarimiz bir pog'ona o'sadi. Chunki ularni ruxi boshqacha. Odatda "Paxtakor" dan kelgan futbolchilar g'alaba ruhida tarbiya ko'rgan. Huddi shu ruhni jamoaga singdirmoqchiman. Yana futbolchi olish to'g'risida aytadigan bo'lsam bu hayot va ertaga nima bo'lishini bilan bo'lmaydi. Biz avvalo jamoani o'zagini mahalliy yoshlardan tashkil etmoqchimiz. Uning atrofini esa tajribali o'yinchilar bilan to'ldiramiz.

- Ravshan aka mana siz "Dinamo" ga kelganda "Paxtakor" da, MTJda ishlab keldingiz va O'zbekistonda taniqli murabbiylardan bir edingiz. "Dinamo"ni o'tgan "So'g'diyona" ga qarshi uchrashuvidan so'ng Ravshan Haydarovni mana ko'rdingiz qabilidagi gaplar bo'lgan edi. Keyingi uchrashuv "Bunyodkor"ga qarshi bo'ladi va mana shu uchrashuvda Haydarov qanday kuchga ega ekanligini ko'rsatib berishingizni istardik.
- Men o'zimga baho bera olmayman. Menga bitta yoki ikkita o'yin bilan baho berilishi noto'g'ri. Jamoa qadamma-qadam o'sim bormoqda. Biz uzoqni ko'zlab ish olib bormoqdamiz. Bitta o'yinda yutganimiz bilan menga baho berishlarini istamayman. Yillar davomida hozirgina obro'imni topganman. Muxlislar ham barchasini tushinishlarini istayman. Masalan, Jizzax jamoasi bilan o'yinda o'zimizni ham hafsalamiz pir bo'ldi. Mana "So'g'diyona" "Paxtakor"ni ham 3:1 ga yutmoqda hozir. (matbuot anjumani o'tayotgan vaqtda uchrashuv davom etayotgan edi). Bu futbol bunda sabr kerak. Menga jamoani ishonib topshirishdimi men uddalayman.

- "Dinamo" yaqin yillarda bunday g'alaba qozonmagan edi. Buning uchun muxlislar nomidan ham sizga va jamoangizga rahmat aytib qolamiz.

- Rahmat.


Humoyun Davurov yozib oldi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia