Rasmiy xabar: O'zbekiston U-19 terma jamoasini Armanistonga Ilhom Mo'minjonov olib boradi

Narzulla Saydullayev
5 iyun 2014, 10:47
O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi 9 iyun kuni navbatdagi yig'inini o'tkazish uchun Armaniston poytaxti Erevanga uchib ketadi.
1995 va undan keyingi yillarda tug'ilgan O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi 12 va 14 iyun kunlari Erevanda Armaniston U-19 yoshlar terma jamoasiga qarshi ikkita o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazishi haqida avvalroq ma'lumot bergan edik.

Shu paytgacha O'zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi bo'lib kelgan Sergey Lushan 3 iyun kuni Toshkentning Bunyodkor klubiga bosh murabbiy etib tayinlangach, O'zbekiston U-19 terma jamoasi bosh murabbiyligi vazifasidan ozod etilgan edi. O'zbekiston yoshlar terma jamoasini Armanistonga yoshlar terma jamoasi katta murabbiyi Ilhom Mo'minjonov murabbiy sifatida olib ketadi.

O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasining yangi bosh murabbiyi nomi yaqin kunlar ichida e'lon qilinadi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi oktyabr oyida Myanmada tashkil etiladigan yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionati bahslariga tayyorgarlik ko'rmoqda.

Musobaqa final bosqichida O'zbekistonning yosh futbolchilari V guruhida Avstraliya, BAA va indoneziyalik tengqurlariga qarshi bahs olib boradi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com