“Qo'qon-1912” oliy ligaga chiqishni kelgusi yilga qoldirdi

23 okt 2013, 10:41
Baxtiyor Tolipov: “Bu yil asosiy e'tibor poydevorni mutahkamlashga qaratildi”
Qo'qon futboli qaddini rostlamoqda. Jamoa bu yilgi birinchi ligada 3-o'rinni egallashga juda yaqin turibdi. Aslida “Qo'qon-1912” oliy ligaga chiqish uchun kurashadigan jamoalar qatorida tilga olinayotgandi. Ammo ikkinchi bosqichda jamoa tezlikni biroz pasaytirib yuborgandek tuyuldi. Umuman olganda, jamoaning bu yilgi ishtiroki mahalliy muxlislarni qoniqtirdi deyish mumkin. Sababi avvalgi mavsumlarda “Qo'qon-1912” moddiy jihatdan anchagina qiyinchiliklarga duch kelib, barqarorlikka erishishi qiyin bo'lgan.

Qo'qondagi safarimiz chog'ida jamoaning qay bir a'zosi bilan yoki biron-bir muxlisi bilan suhbatlashmaylik ularning barchasi “Qo'qon-1912” vice-prezidenti Baxtiyor Tolipovning qilayotgan ishlaridan mamnun ekanligini to'lqinlanib, yaqin kelajakda mazkur ishbilarmon rahbar bilan jamoa oliy ligaga bemalol chiqa olishini ishonch bilan aytib o'tdi. O'z vaqtida yuqori tashkilotlarda turli lavozimlarda ishlagan Tolipov bilan o'zaro suhbatimizda millionlar o'yinining haqiqiy jonkuyari ekanligini bilib olish qiyin bo'lmadi.Shu asnoda uning fikrlarini yozib oldik.


- Jamoamiz bu yilgi chempionatni 3-o'rinda yakunlashga juda yaqin turibdi – deydi Tolipov. - Albatta bu biz uchun yaxshi natija. O'zingizga yaxshi ma'lumki, chempionatni dastlabki 5-6 turida jamoamiz uchun omadsiz yakunlandi. Keyinchalik boshqaruv postiga Tohir aka Kapadzeni olib kelganimizdan so'ng, hammasi ijobiy tomonga o'zgara boshladi. Yigitlarning o'z kuchiga bo'lgan ishonchi ortdi. Bunda albatta Kapadzening xizmati katta deb bilaman. Tohir aka ko'p yillar mobaynida Qo'qon futboli rivoji uchun mehnati singgan insondir. Shuning uchun u kishini bosh murabbiylikka olib kelgandik. Lekin hozirgi sharoitda bundan-da yaxshiroq natija ko'rsatishimiz ham mumkin edi. Shunisiga ham shukur qilamiz. Nasib qilsa kelasi mavsumda muxlislarimizni umuman o'zgacha bir chiroyli o'yin bilan xursand qilamiz.

- Ilgari “Qo'qon-1912” jamoasida moliyaviy muammolar tez-tez uchrab turardi va shuning uchun ham klubning ertasi mavsum edi. Hatto shunday mavsumlar bo'lganki, jamoaning safar o'yiniga borishi uchun etarlicha imkoniyati yo'q edi. Bu yil esa ushbu salbiy xolatlarga chek qo'yildi. Bunda Farg'ona viloyati va Qo'qon shahar hokimining ko'magi beqiyos. Aynan ushbu sahovatpesha insonlar tufayli jamoamiz joriy mavsum homiylar e'tiboriga muhtojlik sezmasdan, o'z-o'zini qoplashni yo'lga qo'ydi.

- Shu yilning may oyida Qo'qon shahar hokimining qaroriga binoan “Markaziy” stadion to'laligicha klub ixtiyoriga o'tkazildi. Shuningdek moddiy jihat borasida uzilishlar oldini olish uchun  iyul oyidan buyon Qo'qon “Spirt” OAJ jamoaning tasischisi bo'ldi. “Spirt” zavodi klubimizga tasischi bo'lishdan tashqari ushbu zavodda ishlab chiqariladigan chiqindi, yani spirt barda zavodini jamoa hisobiga o'tkazib berdi. Bularning hammasi qonunan hujjatlashtirildi va barda chiqindisi fermer va chorvadorlarga naqd pul hamda pul o'tkazish yo'li orqali sotilmoqda. Ochig'ini aytganda, barda chiqindisi fermerlar o'rtasida juda talash. Lekin biz shahar hokimining qaroriga binoan uni chorvador va fermerlarga limit bo'yicha taqsimlab bormoqdamiz. Ushbu biznesdan jamoa bir oyda o'z hisobiga 200 million so'mga yaqin pul tushirmoqda. Bir yilda esa 2 milliard so'm ishlab topadi. Lekin bu yil shunga qaramay jamoamizning infratuzilmasini yaxshilashga e'tibor qaratdik va oliy ligaga chiqishni keyingi yilga qoldirdik.

- Ko'rgan bo'lsangiz yangi qarorgohga ko'chib o'tdik. Ilgari futbolchilar mashg'ulotlarga asosan o'z uylaridan qatnardi. Boshqa viloyatlik ayrim o'yinchilarga esa stadion binosidagi xonalardan yotoq qilib berilgandi. Bugungi kunga kelib esa homiy va rahbarlarimiz tashabbuslari bilan jamoamiz o'zining bazasiga ega bo'ldi. U yerda futbolchilar uchun barcha sharoitlar mavjud.

- Kelugsi rejalar endilikda stadionimizni xolatini yanada yaxshilashdir. Maydon mutaxassislari bilan muzokara o'tkazdik. 25 oktyabrdan stadionda katta qurilish ishlari boshlanadi. Maydonning chimi yangilanadi. Shuningdek markaziy tribunadagi plastmassalik o'rindiqlarni qarama-qarshi tomondagi tribunaga o'rnatib chiqiladi. Asosiy tribunaga esa yangi plastmassa o'rindiqlarini olib kelamiz. Stadion sig'imi 8000 tomoshabinga mo'ljallangan. Agarda o'ylagan rejalarimiz amalga oshgudek bo'lsa, keyinchalik yana 5000 tomoshabin uchun qo'shimcha o'rindiqlar qo'yiladi. Shuningdek yangi elektron tablo olib kelinadi. Muxlislar uchun yanada keng qamrovda sharoitlar yaratishni o'ylab turibmiz. Xojatxona, kiyinish va echinish xonalari ham zamonaviy tarzda ta'mirdan chiqariladi. Xullas yaqinda boshlanadigan qurilish ishlari mobaynida stadion kapital ta'mirdan chiqariladi desak ham bo'laveradi. Nasib qilsa keyingi yilning aprel oyiga qadar stadionimiz yanada yaxshi xolatda bo'ladi. Buning uchun smetalarni ishlab chiqdik va 2 milliard 100 million so'mga yaqin sarf-harajatlarning barchasini klub o'zi ko'taradigan bo'ldi.  

- Bu yil oliy ligaga chiqish jiddiy kurashmaganimizning sababi ham aynan shu. Oldin stadionimizni talab darajasiga keltirib olib, barcha sharoitlarni yaratib, keyingi mavsumda kuchlilar safiga chiqish uchun astoydil bosh qotirishni rejalashtirdik. Elitaga chiqqan taqdrimizda ham OFKdan tashrif buyuradigan taftish komissiyasining tekshiruvidan o'ta oladigan darajada stadionni ta'mirdan chiqarib olishni o'yladik.

- Bundan tashqari yana bir nechta biznes rejalarimiz bor. Bu albatta Farg'ona viloyati hokimi va Qo'qon shahar hokimining qo'llab quvvatlashi natijasida amalga oshiriladi. Qilinadigan ishlarimiz doimiy ravishda ularning nazoratida bo'ladi. Rahbarlarimizning har biri futbolga juda ishqiboz. Xolimizdan tez-tez xabar olib turishadi. Vaqt topsa, imkon qadar uy o'yinlarimizni ko'rish uchun stadionga keladi. Bunday e'tibordan ochig'i, futbolchilarimiz ham juda xursand bo'lmoqda. Agarda o'ylab qo'ygan biznes rejalarimiz amalga oshadigan bo'lsa, kelasi yilgi mavsumda ham jamoamiz xomiylarning e'tiboriga muhtojlik sezmasdan to'liq o'zini-o'zi qoplaydigan darajada bo'ladi.

- Bu yil moddiy jihatdan uzilishlar bo'lmadi. Oylik maoshlar o'z vaqtida berilmoqda. Mukofot pullarini yutgan kunimizdan bir hafta o'tar-o'tmas olishadi.

- Kelasi mavsum jamoa oldiga elitaga chiqish vazifasi qo'yilayotganida, klub mutasaddilari bilan bafurja suhbatlashib, jamoaning kelajagi haqida ham gaplashib olamiz. Bugungi kunda oliy liganing ko'plab jamoalarida qo'qonlik yigitlar to'p tepishmoqda. Ularning ko'pchiligi hozirdanoq “Qo'qon-1912”ga qaytishga tayyor. Kelasi mavsum nasib qilsa, mahalliy yoshlardan iborat tirishqoq jamoa shakllantiramiz. 10 noyabr kuni klub a'zolariga joriy mavsum uchun ziyofat dasturxoni yoziladi. Shundan so'ng futbolchilarga bir oylik tatil beramiz. 10-15 dekabrdan boshlab yangi mavsumga xozirlik ko'ramiz.

Islombek Rustambekov suhbatlashdi


Manba: championat.asia