O'zbekiston U-20 chorak finalda JCH-2013dagi yurishini to'xtatdi

Narzulla Saydullayev
7 iyul 2013, 08:38
O'zbekiston yoshlar terma jamoasi yoshlar o'rtasidagi 2013 yilgi jahon chempionatidagi ishtirokini chorak final bosqichida yakunladi.
Fransiya yoshlar terma jamoasiga qarshi uchrashuvda Ahmadjon Musaev shogirdlari yirik – 0:4 hisobida imkoniyatni boy berishdi.

6 iyul, shanba kuni Rize shahridagi Yeni Shehir stadionida o'tkazilgan o'yinda O'zbekiston yoshlar terma jamoasi uch nafar asosiy o'yinchisidan foydalana olmadi. Yetakchi markaziy yarim himoyachi Jamshid Iskanderov, Urugvayga qarshi guruh bosqichi o'yinida jarohat olgani bois, Gretsiyaga qarshi nimchorak final o'yinini ham o'tkazib yuborgandi. Aynan Gretsiyaga qarshi o'yinda sariq va qizil kartochkalar bilan jazolangan markaziy himoyachilar – Sardor Rahmonov va Boburbek Yo'ldoshev diskvalifikaciya sabab Fransiyaga qarshi o'yinda ishtirok eta olishmadi.

Asosiy, qaysidir manoda, terma jamoa umurtqa pog'onasini tashkil etuvchi futbolchilarning yo'qligi o'zini ko'rsatdi va Fransiyaga qarshi o'yin taqdiri birinchi bo'limdan keyinoq deyarli hal bo'lib ulgurgan edi. O'yin boshidan tinimsiz hujumlar uyushtirgan va Asilbek Omonov darvozasi tomon ko'plab zarbalar bergan francuzlar 31-daqiqada Yaya Sanogoning aniq zarbasi evaziga hisobni ochishdi. Oradan to'rt daqiqa o'tib, Tohirjon Shamshitdinov raqibini jarima maydonchasi ichida qoidaga hilof to'xtatib qolgani uchun, sariq kartochka va penalti bilan jazolandi. 11 metrlik jarima zarbasidan Fransiya yoshlar terma jamoasi sardori, Turinning Yuventus klubi yarim himoyachisi Pol Pogba aniq foydalandi.

Birinchi bo'lim yakunlanishi arafasida francuzlar hisobni yirik ko'rinishga keltirishdi. Chap qanotdan tashkil etilgan raqib hujumini qaytarish chog'ida O'zbekiston yoshlar terma jamoasi yarim himoyachisi Diyor Turopov o'z jarima maydonchasi ichida to'pni qo'li bilan o'ynadi. Bu vaziyatda, ko'p jihatdan, to'p Olmaliq vakilining qo'lini topgandi. Belgilangan penaltini Fransiya – O'zbekiston o'yinining eng yaxshi o'yinchilaridan biri bo'lgan Florian Toven aniq amalga oshirdi. Qayd etish joiz, bu penaltida Asilbek Omonov zarba yo'nalishini topib, hatto qo'li bilan qaytarishga ham erishgandi, biroq zarba juda kuchli chiqqani sabab, darvoza to'ridan joy oldi.

3:0 hisobida oldinga chiqib olgan francuzlar ikkinchi bo'limda yana bir gol urib, nisbatan xotirjam to'p surishdi. O'yindagi to'rtinchi gol 64-daqiqada, burchak zarbasidan so'ng Kurt Zoumaning bosh bilan yo'llagan zarbasidan so'ng urildi. Ushbu goldan ko'p o'tmay, Sanogoga nisbatan qoidabuzarlik amalga oshirgan Tohirjon Shamshitdinov o'yindagi ikkinchi sariq kartochkani olib, maydonni jamoadoshlaridan avvalroq tark etishga majbur bo'ldi. O'yin davomida o'zbekistonlik futbolchilar ham bir qator xavfli vaziyatlar yaratishdi, boshqa vaziyatlarni yuzaga keltirishga harakat qilishdi, biroq raqibning bo'ydor va jismonan baquvvat futbolchilari Musaev shogirdlariga deyarli imkoniyat berishmadi.

Fransiya yoshlar terma jamoasiga qarshi uchrashuvdagi yirik hisobli mag'lubiyatga qaramay, Ahmadjon Musaev qo'l ostidagi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi tarixiy natija qayd etdi. Terma jamoa o'z tarixida ilk bor aynan Turkiyadagi musobaqalarda dastlabki g'alabani qo'lga kiritdi, guruhdan keyingi bosqichga chiqdi va chorak final yo'llanmasini qo'lga kiritdi.

U-20 JCH-2013
Chorak final uchrashuvi
6 iyul, shanba
FRANSIYA – O'ZBEKISTON 4:0 (3:0). 2057 tomoshabin.
Gollar:
Yaya Sanogo (31), Pol Pogba (35, penalti), Florian Toven (43, penalti), Kurt Zouma (64).
Ogohlantirishlar: Maksimilian Fomin (14), Tohirjon Shamshitdinov (34), Sardor Sobirxo'jaev (51), Vladimir Kozak (65).
Chetlatish: Tohirjon Shamshitdinov (68, ikkinchi ogohlantirish).
FRANSIYA: Alfons Areola, Dimitri Folker, Kurt Zouma, Samuel Yumtiti, Pol Pogba, Jeffri Kondogbiya (Aksel Ngando, 62), Yaya Sanogo, Jan-Kristof Beyxbek (Aleksi Bosetti, 69), Lukas Digne (Per-Iv Poloma, 78), Jordan Veretu, Florian Toven.
O'ZBEKISTON: Asilbek Omonov, Tohirjon Shamshitdinov, Maksimilian Fomin, Abbosbek Maxstaliev, Vladimir Kozak, Diyorjon Turopov (Jaloliddin Masharipov, 59), Abdul Aziz Yusupov (Zabihillo O'rinboev, 59), Azamat Abdullaev, Igor Sergeev, Sardor Sobirxo'jaev (Kamronbek Kapadze, 65), Muhsinjon Ubaydullaev.
Bosh hakam: Sandro Rikki (Braziliya).

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com