Osiyo futboli. Eron chempionatida vaziyat jiddiylashmoqda

Xayrulla Xoliqov
3 may 2019, 12:04
Eronda milliy chempionat o'yinlari yakuniga yetishiga uchta tur qoldi.

Eron Proligasi (chempionat shunday nomlanadi) hozirgi paytga kelib juda boshqacha ko'rinish olgan. Deyarli har bir o'yin janjalsiz o'tmayapti. Ayniqsa mamlakatning ikki "qariya" jamoasi - "Persepolis" va "Sepaxon" o'rtasidagi bahsda yuz bergan mojaro ko'pchilikning diqqatini o'ziga tortdi. 

O'yinda muxlislar futbolchilarni haqoratlashga, hatto bir-birlari bilan mushtlashib ketishgacha borishdi. Qolaversa "Sepaxon" muxlislari o'rindiqlarni sindirib tashlashdi, o'rindiq bo'laklarini "Ozodi" stadioni maydoniga qarab otishdi. Yuzaga kelgan janjal natijasida 250 kishi turli jarohat bilan kasalxonaga yotqizildi. 

Shunday voqea 19 aprel kuni Tabrizdagi o'yinda ham kuzatildi. "Traktorsozi" - "Paykan" o'rtasidagi uchrashuv (0:1)dan so'ng mezbon jamoa muxlislaridan biri maydonga tushib kyetib Masud Shojayining yuziga musht tushirgandi. Eron futbol federatsiyasi Tartib-intizom qo'mitasi tezkor yig'ilish o'tkazib vaziyatni o'rganib chiqdi. Qo'mita birinchi navbatda muxlislari janjal chiqargan klublarni jarimaga tortdi. 

Ammo jarima bilan ish bitadimi-yo'qmi, bir narsa deyish qiyin. Qolaversa, muxlislarning keyingi o'yinlarda janjal chiqarmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Federatsiya klublarni ishqibozlar bilan ishlashga chaqirmoqda. Boshqalar esa tezroq chempionat o'z yakuniga yetishini kutyapti.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: tehrantimes.com