OCHL. Chorak final. "Guanjou"da g'alaba, "Buriram"da mag'lubiyat

Narzulla Saydullayev
21 avg 2013, 22:48
Bugun Osiyo chempionlar ligasi chorak finali dastlabki o'yinlari bo'lib o'tmoqda.
Hozirga qadar uchta o'yin yakunlandi. 

Yaponiyaning "Kashiva Reysol" klubi o'z uyida Saudiya Arabistonining "Al Shabab" klubini qabul qildi. Uchrashuvning 21-daqiqasida maydon egalari vakili Masato Kudo hisobni ochdi - 1:0. Bunga mehmonlar birinchi bo'lim so'nggida Fernandoning goli bilan javob berishdi - 1:1. O'yin mana shu hisob bilan o'z nihoyasiga etdi. Javob bahsi "Shabab" maydonida bo'lib o'tadi.

Xitoy chempioni "Guanjou" esa o'z uyida Qatarning "Lahviya" klubini qabul qildi. Marchello Lippi ustozlik qilayotgan Xitoy klubi to'rt daqiqa ichida ikkita gol urishga erishdi. 72-daqiqada Dario Konka penaltidan hisobni ochgan bo'lsa, klub to'purari Elkeson 76-daqiqada yakuniy natijani o'rnatdi - 2:0. Qatarda bo'lib o'tadigan javob bahsidan oldin Xitoy klubi yarim finalga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo'lib turibdi.

1/8 finalda "Bunyodkor"ni ortda qoldirgan "Buriram Yunayted" Eronda "Istiqlol" klubi mehmoni bo'ldi. Uchrashuvning 2-daqiqasida Xusro Xaydari tomonidan urilgan gol o'yinda yagonaligicha qoldi.

So'nggi chorak final o'yini 23:00da boshlanadi. Unda Saudiya Arabistonining "Al Ahli" klubi Janubiy Koreyaning "Seul" klubi bilan bellashadi.

"Kashiva Reysol" - "Al Shabab" 1:1
"Guanjou" - "Lahviya" 2:0
"Istiqlol" - "Buriram Yunayted" 1:0
23:00. "Al Ahli" - "Seul"

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia