No'mon Hasanov yirik mag'lubiyatdan so'ng: "Iste'fo? Bunga tayyorman"

Aziz Tukhtamuradov
7 apr 2019, 19:54
"Qo'qon-1912" jamoasi bosh murabbiyi No'mon Hasanov AGMKga qarshi o'yindagi mag'lubiyatdan so'ng (1:7) jurnalistlar savollariga javob qaytardi.

"Futbolchilik faoliyatimda ham, murabbiylikda ham bunchalik yirik hisobda yutqazmaganman. AGMK jamoasini tabriklayman, ular haqli ravishda yutishdi", - deb so'z boshladi Hasanov.

-Jamoa avvalgi turlarda yaxshi, kurashuvchan o'yin namoyish etgandi. Bugun esa jamoa bo'shashdi. Murabbiy sifatida bunga nima sabab deb o'ylaysiz?

- "Andijon"ga qarshi o'yinimiz chiqmadi. Shuning uchun tarkibni o'zgartirib, yosh futbolchilarga imkon bergandim. Haqiqatdan ham avvalgi turlarda namoyish etgan o'yinimiz bugun bo'lmadi. Maydondan chetlatilgan futbolchimiz ichkarida yig'lab o'tiribdi. 

-Penalti belgilangan vaziyatda maydonga tushib ketdingiz. Aynan nimadan norozi bo'ldingiz?

-O'sha vaqtda futbolchimizni yupatmoqchi edim. Vaziyatni yumshatmoqchi edim. O'sha vaziyatda yigitlarimiz qizisha boshlashgandi. Agar yana qizil kartochka oladigan bo'lsak bu juda yomon bo'lardi. Chunki, zaxira o'rindig'imiz ham u qadar katta emas.


-Uchta turdan so'ng hali g'alaba qozonmadingiz. Bundan tashqari, bugungi hisob sizning iste'foingizga ta’sir qilmasmikin?

-Men tayyorman. Aytib o'tganimdek, ilk marotaba bunday mag'lub bo'ldim. Shuning uchun, bunday vaziyatlarga men tayyorman. Mening o'rnimda boshqa murabbiy bo'lganida ham shunday fikr bildirgan bo'lardi deb o'ylayman. 


-Bugungi natijadan so'ng muxlislarga nima deya olasiz?

-Muxlislardan uzr so'raymiz. Chunki, "Qo'qon-1912" xech qachon yutqazmagan. Biz jamoaga befarq bo'lmagan barchadan kechirim so'raymiz. Uzoq yo'l bosib kelib, bizni qo'llab-quvvatlagani kelishgandi.

O'xshash yangiliklar


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: championat.asia