

Qarshining "Nasaf" klubi bir necha soat avval saytimizda e'lon qilingan maqola bo'yicha raddiya bildirdi. Bayonotda "Nasaf" klubi o'zining xarajatlar smetasi 61 mlrd so'm emasligi ma'lum qilgan. Shu bilan birga, bayonotda klubning xarajatlar smetasi aynan qancha miqdorda ekanligiga ham oydinlik kiritilmagan.
"Xabaringiz bor, biroz avval Championat.asia saytida “O'zbekistonning eng boy klubini bilasizmi?”sarlavhasi ostida O'zbekistonning eng moliyaviy barqaror jamoalar uchligi keltirilgan va “Nasaf” jamoasining 2022-yildagi xarajatlar smetasi 61 milliard so'm deb ko'rsatilgan.
Muallif bu raqamlarni qayerdan olgani bizga qorong'i. Lekin “Nasaf” futbol klubining yillik xarajatlar smetasi yuqorida keltirilgan raqamlarga mutlaqo mos kelmaydi. Muallifdan ishonchsiz manbalarga asoslanib, futbol jamoatchiligi orasida tushunmovchilikka olib keluvchi harakatlarga va provokaciyalarga yo'l qo'ymaslikni so'raymiz.
Shuningdek, klublarga hurmat saqlagan holda, tarqatilayotgan ma'lumotlarni klub mutasaddilari ogohligida amalga oshirilishi maqsadga muvofiq bo'lishini eslatib o'tamiz", -deyiladi "Nasaf" klubi rasmiy bayonotida.



