Muhsin Nizomiddinov: "Rashid G'ofurovga tasanno"

Mirjalol Normatov
25 avg 2023, 21:46
Pro-liganing 15-turida "Navbahor-Farm" ustidan qozonilgan g'alabadan keyin "Qo'qon-1912" bosh murabbiyi Muhsin Nizomiddinov o'z fikrlarini bildirdi.

- Ikki xil taym ko'rdik. 3 ochko maqsadimiz edi va bunga erishdik. Rashid G'ofurovga tasanno aytaman, yosh yigitlardan Pro-ligada kurasha oladigan jamoa shakllantiribdi. Mutaxassis sifatida uning faoliyati uchun minnatdorlik ham bildiraman. Yaxshi o'yin bo'ldi, kutilgan natijaga erishdik. Qo'qondan muxlislar keldi, bizni qo'llab turishdi. Ularga rahmat aytaman.

- Qo'shimcha daqiqalarda gol urilguncha g'alabaga ishonganmidingiz?

- Har bir murabbiy o'z jamoasiga ishonadi. Men ham jamoamga ishonaman. Birinchi bo'limda golga tortadigan 5ta vaziyatimiz bor edi. Agar ularning birortasidan foydalanganimizda bunchalik qiynalmasdik. Lekin "Navbahor-Farm" jamoasi ham biz kutgan o'yinni ko'rsatdi. Shu sababli bizga juda qiyin bo'ldi. Asosiysi - so'nggi daqiqada gol urib, g'alabaga erishdik.

- Qo'qondagi o'yinda jangovar 2:2 hisobi qayd etilgandi. O'sha o'yin bilan bunisi qanchalik farq qildi?

- "Navbahor-Farm" tarkibidagi yoshi katta futbolchilar ketgan, buni yaxshi bilamiz. Lekin shunga qaramay Rashid G'ofurov jamoasini zo'r tayyorlagan. Bundan xursand bo'ldim. Shu yigitlar bilan birinchi davradagidan-da kuchli jamoa yaratgan. Agarda ular shunday ketishsa, bunday o'rin ularga yarashmaydi. Ular bundan teparoqda bo'lish kerak. Lekin o'yin sifati birinchi davradagidan anchagina yaxshi.

O'xshash yangiliklar


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia