MOQ Prezidenti Qoraqalpog'istondagi Olimpiya va milliy sport turlari bo'yicha Oliy mahorat sport maktabini borib ko'rdi

Aziz Tukhtamuradov
31 may 2018, 21:58
Bugun Umid Ahmadjonov boshchiligidagi delegaciya sport festivalida ishtirok etish uchun Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrif buyurgani haqida ma'lum qilgandik.

MOQ rahbari ushbu tashrif doirasida Nukus shahrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan bunyod etilgan Olimpiya va milliy sport turlari bo'yicha Oliy mahorat sport maktabini ham borib ko'rdi va u yerdagi sharoitlarni ko'zdan kechirdi.

Yodingizda bo'lsa, yurtboshimiz o'tgan yilning 15-16 dekabr kunlari  ushbu maktabga tashrif buyurib, u yerdagi faoliyat bilan yaqindan tanishgandi. Aynan shu yerdagi uchrashuv davomida davlatimiz rahbari og'ir atletikachimiz Rustam Djangabaev, qilichboz qizimiz Zaynab Dayibekovalarga sovg'alarni taqdim qilgandi. Bugun esa Umid Ahmadjonov maktabdagi sharoitlarni ko'zdan kechirdi, ushbu maskan rahbarlari bilan suhbatda bo'ldi.

Sir emaski, Qoraqalpog'iston Respublikasi o'zbek sporti uchun ko'plab iqtidorli sportchilarni tarbiyalab bergan. Bu maktab ham kelajakda ushbu ananani davom ettirib, yangi nomlarni kashf etishga o'z hissasini qo'shishi lozim, degan fikrni ilgari surdi MOQ rahbari. Umid Ahmadjonov bu yo'lda Milliy olimpiya qo'mitasi tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratib berilishini, har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyor ekanligini ma'lum qildi.

O'xshash yangiliklar


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: olympic.uz