Mirjamol Qosimov: "Olmaliq"da ko'rikdan o'tayapman"

Narzulla Saydullayev
30 yanv 2016, 16:20
"Bunyodkor" klubi yarim himoyachisi Mirjamol Qosimov bugun "Olmaliq" safida "Sho'rtan"ga qarshi maydonga tushdi.

O'yin yakunlangach Mirjamolga o'zimizni qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildik.

- Bugungi o'yin haqida qanday fikr bildirasiz?
- Yangi mavsumga tayyorgarlik qizg'in ketyapti, shuning uchun har ikki uch kunda o'rtoqlik o'yinlari o'tkazilyapti. Ko'rgan bo'lsangiz bugun ham G'uzorning “Sho'rtan” jamoasiga qarshi maydonga tushdik, juda qiziqarli va kurashlarga boy uchrashuv bo'ldi deb o'ylayman. Bahs asosan maydon markazida kechdi, har ikki jamoa ham mavsumga yaxshi tayyorgarlik ko'ryapti. Jamoalarga keladigan bo'lsak ikki tomon ham yangi futbolchilarni ko'rikdan o'tkazmoqda shu jumladan hozircha men ham ko'rikdaman. 



- Tayyorgarlikda nimalarga ko'proq e'tibor qaratyapsizlar?
- Tayyorgarlik jarayoni yaxshi ketyapti, o'zingiz bilsangiz kerak har bir jamoa qishki yig'inlarda asosan jismoniy tayyorgarlikka ko'proq e'tibor qaratadi. Chunki futbolchilarni avvalgi sport formasini tiklash kerak. Zamonaviy futbolda birinchi o'rinda jismoniy holat turadi. Bizda ham xuddi shunday jarayon ketyapti, avvalgi sport formamizni sekin – asta tiklayapmiz. Mashg'ulotlarda texnikaviy va taktikaga ham e'tibor qaratyapmiz.

- “Olmaliq” jamoasi bilan kelishuvga erishdingizmi?
- Hozircha mashg'ulotlarda qatnashyapman, hozircha hech qanday kelishuv bo'lgani yo'q. Yaqin orada barchasi ma'lum bo'ladi.
 

Jahongir Sotvoldiev suhbatlashdi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia