Yigitlarga ko'proq erkinlik bering, Dilshod aka!

Narzulla Saydullayev
19 okt 2013
Avvalo kechagi o'yindagi g'alaba bilan o'zbek futboliga befarq bo'lmagan barchani tabriklayman.
O'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatini g'alaba bilan boshlash yoqimli. Umuman olganda, birinchi o'yinni yutganimiz yaxshi bo'ldi. Ayniqsa, bosh murabbiy Dilshod Nuralievning elkasidan tog' ag'darilgani bor gap. 

BAAga kyetishdan oldin O'FF binosida tashkil etilgan matbuot anjumanida ham, u yoqqa borgach o'yinoldi matbuot anjumanida ham Dilshod Nuraliev “Birinchi o'yinda hayajonni bosib olish juda muhim” qabilida ko'p gapirdi. Buni biz ham bilamiz, futbolchilar ham. Lekin murabbiy doim shu gapni qaytarar ekan, birinchidan, u futbolchilarni yanada sarosimaga solib qo'yadi, ikkinchidan esa o'zi hayajonlanayotgan bo'ladi. Faqat buni ommaga bildirishni istamaydi va go'yoki shogirdlariga qarata “Hayajonni bosib olish juda muhim” deyaveradi.

Kechagi bahsda o'smirlarimizning hayajoni haliyam bosilmagani ko'rinib turdi. Xususan birinchi taymdagi bazi palapartish harakatlar shuning oqibatida kelib chiqqan bo'lsa ne ajab. Shunday tasavvur uyg'ondiki, go'yo o'yindan avval bosh murabbiy futbolchilarga haddan tashqari ko'p gapirib “hurkitib” qo'ygan. Bu eng avvalo asosiy tarkibda harakat qilgan 11 kishiga bog'liq.

Jamoamiz o'yini to birinchi almashtirish amalga oshirilmaguncha zerikarli hamda og'ir ko'rinishda davom etaveradi. Lekin ikkinchi taym boshida Javohir Siddiqov maydonga tushgach, yigitlarning kayfiyati o'zgardi-qoldi. “Paxtakor” futbol maktabi tarbiyalanuuvchisi birpasda o'yinga kirishib ketdi. Axir u Dilshod Nuralievning qo'l ostida tarbiya topgan-da. Ungacha futbolchilarimiz to'pni u yoqdan bu yoqqa sudrash bilan ovora edilar. Siddiqov maydonga tushgach, o'yinga sal bo'lsayam “jon” kirdi. Mazmun-mohiyat paydo bo'ldi.

“Mashal” tarbiyalanuvchisi Shohjahon Ablosov tushganidan so'ng esa boyadan beri tengma-teng o'yin ko'rsatayotgan pamanaliklarni umuman tanib bo'lmay qoldi. Ana endi ularning o'yinida palapartishlik boshlandi. Noto'g'ri pas berish, to'pni duch kelgan tarafga tepib yuborish va hokazo. Ularning murabbiyi qolgan daqiqalarda ko'rsatma berib o'tirmadi. Shartta joyiga borib o'tirgancha o'yinning qolgan qismini miq etmay kuzatdi.

Ma'lumki, futbolda “ustanovka” asosan boshlang'ich tarkibdan joy oladigan 11 futbolchiga beriladi. Nazarimizda, Nuraliev “ustanovka” berayotib yigitlarni “qiynab” qo'ygan bo'lsa kerak. Chunki o'ta hushyorlik bilan harakat qilishdi biznikilar, ammo futbolda haddan tashqari hushyor bo'lish ham o'yinni qo'ldan chiqarishga olib kelishi mumkin. Zaxiradan tushadiganlar esa murabbiyning ikki-uch og'iz gapini eshitib, tezda o'yinga kirishib kyetishadi. Yani, bunday paytda ularning “nutq” tinglashga vaqti bo'lmaydi.

E'tibor bergan bo'lsangiz, Javohir Siddiqov bilan Shohjahon Abbosovning maydonga tushishi natijasida o'yinimiz birdaniga qovushib ketdi. Avvalo Abbosov tushganidan so'ng oradan besh daqiqa o'tib hisobni ochganini aytib o'tish lozim. Bundan ham muhimi, endi qolganlar ham “uyg'onishdi” va butun jamoa yaxshi harakat qila boshladi. Ko'rdingizmi, bazan erkin o'ynashni uqtirish ham ko'p foyda beradi. Bizning mentalitetda hadeb “notiqlik” sanatini namoyish etib, futbolchilarga gap uqtiraverish shart emas. O'yinchilarimizga ikki og'iz gap ham etadi. Shunday ekan, shogirdlaringizga ko'proq erkinlik bering Dilshod aka deb qolamiz.

 

Izoh: Sarlavhadagi erkinlik deganda maydonda erkin harakat qilish (ortiqcha bosimlarsiz) kabi manoda qabul qilishingizni so'rab qolamiz. 

Xayrulla XOLIQOV.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia