Eldor Boymatov: Bu yil ham "Qizilqum"da o'ynayman

Narzulla Saydullayev
1 fev 2014, 11:28
Huquqiy jihatdan "Nasaf"ga tegishli bo'lgan Boymatov o'tgan mavsumning ikkinchi yarmida "Qizilqum"ga ijaraga berilgandi.
Joriy mavsum ham Eldor (fotoda 50-raqam) yana oltin izlovchilar safida o'ynaydigan bo'ldi. Bu haqda futbolchining o'zi "SA"ga xabar berdi.

- Nasaf bilan amaldagi shartnomam yana bir yil qolgandi. Shu bois "Qizilqum" rahbariyati jamoam bilan muzokara o'tkazib, meni yana Navoiy klubida bir yil muddat ijarada o'ynashimga kelishib oldi.

- Rostini aytsam, oldimda bundan boshqa variantlar ham yo'q emasdi. Lekin "Qizilqum"da o'tgan yili ham o'ynaganim uchun bu jamoa menga yoqadi. Shuning uchun ham yana "oltin izlovchilar" tarkibida qolishga qaror qildim.

- Hozircha yig'in Navoiyda o'tmoqda. Tarkibda o'zgarishlar ham bor. Xususan Ruslan Vagapov ("Metallurg"), Sherali Jo'raev ("Olmaliq"), G'ayrat Jumaev ("Neftchi"), Vladimir Shishelov kabi o'yinchilar ayni damda biz bilan birga. Shuningdek yaqin kunlarda Samandar Shodmonovning ham kelishi kutilmoqda.

- 3 fevral kuni yig'in Toshkentga ko'chadi va u yerda PFL Kubogida ishtirok etish rejalashtirilgan.

Islombek Rustambekov

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia