

17 yoshli iqtidorli hujumchi dushanba kunidan boshlab Shveytsariyaning Cyurix jamoasining dastlab 18 yoshlilar tarkibi mashg'ulotlarida ishtirok etishga kirishdi. Mashg'ulotlarda o'zini ko'rsatgan futbolchimizni murabbiylar shtabi 21 yoshlilar tarkibiga jalb qildi. Bo'ronbek U-21 jamoasi safida ikki kun avvalgi uchrashuvda maydonda to'liq 90 daqiqa to'p surdi. Aytish kerak, o'tgan yili Dortmundning Borussiya hamda Avstriyaning Austriya klubi yoshlar tarkibida ko'rikda bo'lib qaytgan Bo'ronbek uch hafta Cyurix jamoasi mashg'ulotlarida qatnashadi. Agar hujumchimizning harakatlari murabbiylar shtabiga maqul kelsa, Cyurix rasmiylari Bunyodkor mutasaddilari bilan muzokaralar stoliga o'tiradi.
Bo'ronbek Mirzasalimovning Cyurixga borib ko'rikdan o'tishini O'zbekiston futbol Assotsiatsiyasining Yevropadagi vakili – Dilshod Ruzmetov tashkil qilganligini aytish o'rinli.






