Bugun O'zbekiston U-16 terma jamoasi Ummon bilan o'ynaydi

Narzulla Saydullayev
25 iyul 2016, 11:45
15 sentyabr – 2 oktyabr sanalari davomida Hindistonda bo'lib o'tadigan o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko'rayotgan O'zbekiston U-16 terma jamoasi bugun Toshkentdagi yig'in doirasida Ummon bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazadi.

Temur Olimxo'jaev boshchiligidagi terma jamoa Toshkentdagi yig'inini 21 iyul kuni boshlagan. Ushbu yig'in davomida O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi ummonlik tengdoshlari bilan ikkita nazorat o'yini o'tkazishni rejalashtirgan. Dastlabki o'yin bugun, 25 iyul kuni soat 18:00da boshlansa, ikkinchi uchrashuv 27 iyul kuni, 18:00da boshlanadi. Har ikki o'yin ham “Jar” stadionida bo'lib o'tadi.

Eslatib o'tamiz, O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi Osiyo chempionatiga final bosqichiga tashlangan qur'a natijasiga ko'ra KXDR, Tailand hamda Yaman jamoalari bilan bir guruhdan o'rin olgan.

Olimxo'jaev shogirdlari turnirni 17 sentyabr kuni Tailandga qarshi o'yin bilan boshlaydi. 20 sentyabrda Yaman va 23 sentyabr kuni esa KXDRga qarshi maydonga tushadi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com