Bugun futbol. "Bunyodkor" - "Qo'qon-1912"

Xayrulla Xoliqov
13 iyun 2020
Ikki yarim oylik tanaffusdan so'ng bugun Coca Cola Superligasining 4-tur bahslariga start beriladi.

"Bunyodkor" o'z maydonida "Qo'qon-1912"ni qabul qiladi. Turnir jadvalida har ikki jamoa 6 ochkodan to'plagan holda deyarli yonma-yon o'rinlarda boryapti. Qizig'i shundaki, shu paytgacha "Bunyodkor" ham, "Qo'qon-1912" ham ikkitadan g'alaba qozonib, bir martadan mag'lubiyatga uchragan.

"Bunyodkor" mavsumni ketma-ket ikkita g'alaba bilan boshladi. Vadim Abramov shogirdlari dastlab safarda "Surxon"ni 3:1 hisobida mag'lub etib qaytishdi, so'ngra uyda "Mashal" 1:0 hisobida mag'lub etildi. Va oxirgi turda jamoa Olmaliqqa safar qilib AGMKga 0:2 hisobida yutqazib qo'ydi.

Yil boshida Baxtiyor Ashurmatov qabul qilib olgan "Qo'qon-1912" Superligani o'z maydonida boshlab "Buxoro" ustidan yirik 3:0 hisobida zafar quchdi. Keyingi turda "Metallurg" mehmoni bo'lgan qo'qonliklar 0:1 hisobida mag'lubiyatga uchrab qaytishdi va o'tgan tur yana o'z uylarida g'alabani nishonlashdi. Bu safar "Qo'qon-1912" "So'g'diyona"dan 2:1 hisobida ustun keldi. 

Bugungi o'yin oldindan imkoniyatlarni qanday baholash mumkin? Albatta, "Bunyodkor" mezbon, lekin karantindan keyin ko'pchilik barcha jamoalarning holati bir xil ekanligi haqida gapirmoqda. Shundan kelib chiqib imkoniyatlarni 50/50 desa bo'ladi. Fakt shuki, Ashurmatov Qo'qonda kurashdan qaytmaydigan jamoani shakllantirishga harakat qilyapti. Abramovda esa tajriba katta va futbolchilarni muhim bahslarga tayyorlashni biladi.

P/S. Soat 19:00da boshlanadigan o'yinni "Sport" telekanali orqali to'g'ridan to'g'ri kuzatishingiz mumkin.


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia