
Unda muxlislar bir qator qiziqarli va keskin kurashlarga boy tarzda kechgan o'yinlarga guvoh bo'lishdi. Quyida esa mazkur turning e'tiborga molik jihatlariga to'xtalib o'tamiz.
“ZARAFSHON-NCZ” ANDIJONDA NOKDAUNGA UCHRADI YOXUD “MASH'AL” YANA MAG'LUBIYATGA UCHRADI!
6-turda ham rejadagidek 8ta o'yin o'tkazildi. Unda asosan “Sharq” mintaqasi vakillarining ustunlikka erishganini ko'rish mumkin. Ortda qolgan 8ta o'yinning 5tasida mezbonlar muvaffaqiyat qozongan bo'lsa, 1ta uchrashuvda durang qayd etildi. Yana qolgan 2ta bahsda esa mezbonlarning qo'li baland keldi.
Istiqlol – Xorazm 1:1.
Garchi “Istiqlol” bu o'yinda mezbon sanalsada, bu jamoaga oson bo'lmasligi oldindan ma'lum edi. Boisi “Xorazm” ikkinchi bosqichni ko'tarinki ruhda o'tkazmoqda. Shunga qaramay birinchi bo'lib hisobni ochishga muvaffaq bo'lgan toshkentliklar g'alabani ushlab qola olishmadi.
NBU-Osiyo – Orol 1:0.
“Bankirlar” nihoyat 450 daqiqalik qora ananasiga 6-turga kelib chek qo'ydi. Mazkur uchrashuvda “NBU-Osiyo” raqibiga nisbatan favorit edi. Chunki nukusliklarning bugungi xolatiga xavas qilib bo'lmaydi. Shu bois Toshkentda bir ochko ishlab ketish, ular uchun aslida qoniqarli natija bo'lishi ham mumkin edi.
Paxtakor-2 – Sherdor 1:2.
Bundan oldingi ikkita o'yinni boshi egik xolatda tark etgan “Paxtakor- futbolchilari “Sherdor” bilan uchrashuvda ham o'z maydonida yana qimmatli ochkolarni boy berdi. Vaholanki bahsda dastlab hisobni yosh “sherlar” ochishgandi. Ammo ikkinchi bo'limda mehmonlar ikkita to'p kiritib, g'alabani ilib ketdi.
Oq-tepa – Alanga 3:1.
O'zining kutilmagan natijalari bilan muxlislarni e'tiborini tortib kelgan “Oq-tepa” bu safar o'z maydonida imkoniyatdan to'liq foydalanib, o'z hisobiga uch ochko yozdirib qo'ydi. Bundan oldingi o'yinda g'alaba qozongan “Alanga” esa bu safar ochkodan quruq qoldi.
Andijon – Zarafshon-NCZ 7:0.
Turning eng shov-shuvli natijasi Andijonda qayd etilib, unda mezbonlarning kutilmagan “zarbasiga” “Zarafshon-NCZ” futbolchilari turib bera olmadi. Ochig'ini aytganda, juma kungi o'yinlardan mazkur bahsning teng kurashlar ostida o'tishi tahmin qilingandi. Ammo mehmonlar kutilmaganda, yirik hisobda mag'lubiyatga uchradi va bu bilan ular o'z muxlislarini uyaltirib qo'ydi. “Burgutlar” esa ushbu g'alabadan so'ng, “Mashal”ga ochkolar nisbati bo'yicha tenglashib oldi va qaysidir manoda birinchi o'rin uchun kurash oldinda ekanligini namoyish etdi.
Qo'qon-1912 – Registon 2:0.
Bundan oldingi turda mag'lubiyatdan arang qutilib qolgan qo'qonliklar, 6-turda o'z muxlislarini quvonitirmasa bo'lmasdi. Buning uchun futbolchilardan faqat g'alaba qozonish talab etilardi. Buni jamoa qaysidir manoda uddaladi va turnir jadvalida 3-o'ringa ko'tarilib oldi.
Kosonsoy – Spartak 1:3.
Buxoroning“Spartak” jamoasi vodiydagi ikki o'yinda yuz foizlik natija bilan qaytgani e'tiborga molikdir. Endi bu jamoaning qanday kuchga ega ekanligini keyingi ikki turda “Qo'qon- va “Andijon”ga qarshi bahslarda bilib olamiz.
Chust-Paxtakor - Mashal 2:1.
O'tgan turda “Spartak”ka o'z maydonida 3:0 hisobida mag'lub bo'lgan chustliklarning 6-turga kelib, “Mashal”ni yutishini kim ham o'ylabdi deysiz. “Chust-Paxtakor” birinchi bosqichda o'z maydonida turnir peshqadami “Andijon”ni ham yutgandi. Bu safar esa ular muborakliklarni mag'lubiyatga uchrata oldi. Uchrashuvda Nizom Norovning dubli mezbonlarning g'alaba qozonishiga etarli bo'ldi.
26TA GOL. 3TA DUBL. 4TA PENALTI. 1TA POKER
Ortda qolgan turning 8ta o'yinida jami 26ta gol qayd etildi. Bu har bir uchrashuvga o'rtacha 3,25tadan gol demakdir.
Uchrashuvlarning birinchi bo'limida jamoalar 11ta to'p kiritishgan bo'lsa, o'yinning ikkinchi taymida yana 15ta gol kuzatildi.
6-turda eng ko'p golni “Andijon” kiritdi, 7ta!
Turning eng tezkor goli, 6-daqiqaga to'g'ri keldi. “Andijon” yarim himoyachisi Alisher To'xtasinov bu daqiqada raqib darvozasini ishg'ol etishga erishdi.
Eng so'nggi gol esa 90+4-daqiqada “Mashal” a'zosi Mirzohid G'ofurov tomonidan kiritilgan to'p bo'ldi!
Mazkur turda 3ta futbolchi o'z hisobiga ikkitadan gol yozdirib qo'ydi. Bular Alisher To'xtasinov (“Andijon”), Islombek Isoqjonov (“Spartak”) hamda Nizom Norov (“Chust-Paxtakor”)dir!
Shuningdek hakamlar 6-turda umumiy aytganda 4ta penalti belgilashga qaror qildi. Undan uchtasi aniq amalga oshirildi va qolgan bittasi noaniq tepilgan.
11 metrlik nuqtadan adashmagan futbolchilar: Lochin Soliev (“Andijon”), Nizom Norov (“Chust-Paxtakor”), Aziz Madaliev (“Qo'qon-).
“Zarafshon-NCZ” hujumchisi Feruz Boboqulovga esa bu borada sovuqqonlik yetishmadi.
Tajribali hujumchi Lochin Soliev ikkinchi bosqichning 6-turiga kelib, o'zini eslatib qo'ydi. Sababi andijonlik hujumchi bungacha gol urish borasida u qadar faollik ko'rsata olmayotgandi. O'tgan juma kuni esa “Zarafshon-NCZ” darvozasini naqd 4 bor aniq nishonga ola bildi!
34TA SARIQ. 1TA QIZIL KARTOCHKA
6-turda ishlagan hakamlar 8ta o'yinda futbolchilarga jami 34ta sariq kartochka ko'rsatishga qaror qildi. Bu har bir bahs uchun o'rtacha, 4,25tadan demakdir!
Uchrashuvlarning birinchi bo'limida adolat posbonlari qoida buzganlarning 9tasini sariq bilan jazolashga jazm eta olgan bo'lsa, ikkinchi bo'limda sariq kartochkalar soni 25tani tashkil etdi! Bundan ko'rinib turibdiki, bahslarning ikkinchi qismi keskin kurashlarga boy tarzda kechgan. Ushbu turda eng ko'p sariq kartochka “Chust-Paxtakor” futbolchilariga nisbatan ko'rsatildi, 5ta!
Bu borada “Mashal”, “Spartak”, “Oq-tepa”, “Alanga”, “Xorazm” va “Zarafshon-NCZ” jamoalari bittadan sariqqa loyiq ko'rildi.
6-turda qayd etilgan yagona qizil kartochka ham aynan “Zarafshon-NCZ” futbolchisiga ko'rsatildi. Aziz Abdullaevning birinchi taymning o'zidayoq, hakam tomonidan to'g'ridan-to'g'ri qizil kartochka olib maydonni tark etishi, oxir oqibat jamoasi uchun yakunda qimmatga tushdi.
8325 NAFAR TOMOSHABIN
Har bir turdan keyin, berib kelayotgan statistikamizda muxlislar borasida ham to'xtalamiz. Afsuski poytaxtda birinchi liga o'yinlariga qiziqish deyarli yo'q hisobi. Vodiy jamoalari esa 2000-3000 ming muxlis bilan eng yuqori ko'rsatkichni qayd etmoqda!
6-turda eng ko'p muxlis Qo'qonda kuzatildi. Qo'qon-1912 – Registon bahsini bevosita stadionda kuzatish uchun 3563ta tomoshabin qadam ranjida qilgani, o'yin qaydnomasida ko'rsatilgan.
Eng kam muxlis NBU-Osiyo – Orol to'qnashuvida uchradi. Shu kuni futbolchilar deyarli muxlislarsiz o'ynadi desa ham bo'ladi, 21ta ishqiboz!
Umumiy aytganda, ortda qolgan turning 8ta bahsiga 8325 nafar muxlis kirgan. Bu har bir o'yinga 1041tadan ishqiboz to'g'ri kelmoqda deganidir!
Muxlislar tashrifi kimda qanday?
Istiqlol – Xorazm. Toshkent. 87 tomoshabin
NBU-Osiyo – Orol. Toshkent. 21 tomoshabin
Paxtakor-2 – Sherdor. Toshkent. 31 tomoshabin
Oq-tepa – Alanga Toshkent. 93 tomoshabin
Andijon – Zarafshon-NCZ. Andijon. 2115 tomoshabin
Qo'qon-1912 – Registon. Qo'qon. 3563 tomoshabin
Kosonsoy – Spartak. Kosonsoy. 915 tomoshabin
Chust-Paxtakor - Mashal. Chust. 1503 tomoshabin
IKKINCHI BOSQICH 6-TURDAN KEYINGI VAZIYAT
1 | MASH'AL (Muborak) | 20 | 16 | 2 | 2 | 52-11 | 50 |
2 | ANDIJON (Andijon) | 20 | 16 | 2 | 2 | 53-14 | 50 |
3 | QO'QON-1912 (Qo'qon) | 20 | 12 | 3 | 5 | 29-18 | 39 |
4 | ZARAFSHON-PFK (Navoiy) | 20 | 11 | 4 | 5 | 31-22 | 37 |
5 | SPARTAK (Buxoro) | 20 | 11 | 3 | 6 | 38-24 | 36 |
6 | CHUST-PAXTAKOR (Chust) | 20 | 9 | 3 | 8 | 28-29 | 30 |
7 | OQTEPA (Toshkent) | 20 | 8 | 4 | 8 | 27-31 | 28 |
8 | XORAZM (Urganch) | 20 | 8 | 3 | 9 | 26-25 | 27 |
9 | NBU-OSIYO (Toshkent) | 20 | 8 | 2 | 10 | 25-28 | 26 |
10 | SHERDOR (Samarqand) | 20 | 8 | 1 | 11 | 25-35 | 25 |
11 | REGISTON (Samarqand) | 20 | 7 | 2 | 11 | 17-37 | 23 |
12 | ISTIQLOL (Toshkent) | 20 | 6 | 4 | 10 | 23-33 | 22 |
13 | KOSONSOY (Kosonsoy) | 20 | 5 | 3 | 12 | 20-35 | 18 |
14 | PAXTAKOR-2 (Toshkent) | 20 | 5 | 2 | 13 | 19-38 | 17 |
15 | ALANGA (Koson) | 20 | 5 | 1 | 14 | 21-39 | 16 |
16 | OROL (Nukus) | 20 | 4 | 3 | 13 | 22-37 | 15 |
PESHQADAMLAR BUGUN MUBORAKDA HISOB-KITOB QILADI
Bugun ikkinchi bosqichning 7-tur o'yinlari bo'lib o'tdi. Aytish kerakki, turning markaziy o'yini, so'zsiz “Mashal” – “Andijon” to'qnashuvidir. Ayni paytga kelib, ushbu jamoalarning ochkolari teng bo'lib, faqatgina muborakliklarda to'plar nisbati biroz ijobiy ekanligi tufayli ular birinchi o'rinni egallab turibdi. Bo'lajak o'yinga har ikkala klub futbolchilari jiddiy tayyorgarlik ko'rgani aniq. Ko'ramiz bugun kimning qo'li baland kelar ekan.
7-tur. 12 sentyabr (payshanba)
Registon – Paxtakor-2
Zarafshon-NCZ – Oqtepa
Mashal – Andijon
Spartak – Qo'qon-1912
Orol – Kosonsoy
Xorazm – Chust-Paxtakor
13 sentyabr (juma)
Alanga – Istiqlol
Sherdor – NBU-Osiyo
Islombek Rustambekov tayyorladi