Baxtiyor Ashurmatov: "O'z maydonimizdagi uchrashuvlarda g'alabaga erishmoqchimiz"

5 avg 2013, 00:57
Bugun bo'lib o'tgan "Nasaf" - "Guliston" (3:1) uchrashuvidan so'ng har ikki jamoa bosh murabbiylari jurnalistlar savollariga javob qaytardi.
Ro'ziqul Berdiev, Nasaf bosh murabbiyi: Raqib bugun asosiy e'tiborni himoyaga qaratgani bois gol urishimiz qiyinlashdi. Ikkinchi bo'limda esa baribir asosiy maqsadimizga erishib, muhim uch ochkoni qo'lga kiritdik. Oradagi tanaffus bois o'yinimizda biroz pasayish kuzatilayotgan bo'lishi mumkin. Umid qilamanki, keyingi o'yinlarda bu borada ham ijobiy o'zgarishlar bo'ladi.

Baxtiyor Ashurmatov, Guliston bosh murabbiyi: Nasaf jamoasi va muxlislarini g'alaba bilan tabriklayman. Raqib kuchli shu bois ularga qarshi ochiq futbol namoyish etish imkonsiz edi. Shunga qaramay shogirdlarim o'yinni uchdan iki qismini bir kishi kam bo'lib qolishlariga qaramay dongdor raqibga munosib qarshilik ko'rsatishdi deb hisoblayman. Ikkinchi davrada asosan o'z maydonimizdagi o'yinlarda g'alabaga erishib, muxlislarimizni xursand etishga harakat qilamiz.

Manba: pfl.uz