A Seriya: Afsonaviy Inzagi jamoasi Ronalduga qarshi saf tortadi va kunning boshqa to'qnashuvlari haqida

26 sen 2018, 14:53
Italiya A Seriyasi 6-tur o'yinlariga kecha markaziy bahs orqali start berildi.

"Fiorentina" "Inter" mehmoniga aylangan uchrashuvda mezbonlar futbolchilari o'z nomlarini uch marotaba tabloga yozdirib qo'yishdi. Avvaliga Mauro Ikardi 11 metrlik "nuqta"dan hisobni ochgan bo'lsa, keyinroq Shkrinyar o'z darvozasini ishg'ol etib qo'yib muvozanatni tiklanishiga sababchi bo'ldi. O'yin tugashiga yaqin esa Ikardining to'p uzatmasidan so'ng D`Ambrozio o'yin taqdirini hal etgan gol muallifiga aylandi. Natijada turning markaziy bellashuvida "Inter" turnir jadvalida taqib etayotgan "Fiorentina"ni ochkolar soni bo'yicha quvib etdi.


Qayd etish kerakki, o'yin teng kurashlar ostida o'tdi. Stefano Pioli jamoasi uchun bu mag'lubiyat mavsumdagi ikkinchisi bo'ldi. Ayni paytda jamoalar 10 ochkodan to'plagan holda turnir jadvalida mos ravishda 4-5 o'rinlarni bo'lishib turishibdi.

Italiya chempionatining 6-turidan o'rin olgan qolgan ettita o'yin bugun va ikkita bellashuv ertaga o'tkaziladi.

Bugun bo'lib o'tadigan matchlar orasida eng e'tiborga molik o'yin Neapol va Turinda o'tadi. Oxirgi o'yinlarda muvaffaqiyat qozonayotgan va o'yin borasida ham ko'pchilikda ilik taassurot qoldirayotgan "Parma" Anchelotti boshqaruvidagi "Napoli" bilan kuch sinashadi.



Filippo Inzagi qo'l ostida o'tgan turda sensaciya qayd etgan "Bolonya" esa Turinda "Yuventus" mehmoni bo'ladi. O'tgan hafta "Roma"ni mag'lub etgan "Bolonya" ayni paytda a'lo kayfiyatda. Jamoa ruhiy taraflama ancha o'ziga ishonch paydo qilgan. "Yuventus" esa ketma-ket ikkita bahsda Ronalduning gollari evaziga g'alabalarni tantana qildi. Mazkur bahsda ham garchi tig'iz taqvim bo'lishiga qaramasdan Ronaldu o'ynashini Allegri e'lon qildi. Demak Filippo Inzagi ham Krishtianuni zararsizlantirish rejasini alohida ishlab chiqishiga to'g'ri keladi. "Bolonya" oxirgi marta Turindan bundan 7 yil avval, aniqrog'i 2011 yilgi mavsumda ochko olib ketishni uddasidan chiqqan. Inzagi katta ehtimol bugun bu ishni takrorlashga umid qilmoqda. Ammo buni uddalash oson bo'lmasligi aniq.

Turnir jadvalida yonma-yon ketayotgan "qo'shnilar" to'qnashuvi - "Udineze" - "Lacio" bahsi ham qiziqarli o'tishiga shubha yo'q. "Udineze"ning "Lacio" bilan o'zaro alohida hisob-kitobi mavjud. Chunki jamoa 2013 yildan buyon o'z maydonida "Lacio" qarshiligini engishda muammolarga duch kelmoqda. Davom etayotgan 5 yillik noxush seriyaga chek qo'yish uchun ham bugun Xulio Velazkez shogirdlari o'zgacha yondoshuv bilan maydonga tushishadi. Simone Inzagi jamoasi esa raqiblarini turnir jadvalida o'zlaridan uzib ketishlariga yo'l qo'ymaslik uchun ham g'alaba uchun kurashishlari tabiiy.

Di Franchesko qo'l ostida muvaffaqiyatsiz mavsumni boshlagan "Roma" debyutant "Frozinone"ni qabul qiladi. A Seriyaning beshinchi turidan so'ng 5 ochkodan to'plagan jamoalar bahsida "Atalanta" va "Torino" o'zaro kurash olib borishadi.

Shuningdek, bugun yana "Jenoa" - "Kevo" va "Kalyari" - "Sampdoriya" uchrashuvlari bo'lib o'tadi.


Kutilmaganda turnir jadvalining yuqori qismidan o'rin olib turgan SPAL va "Sassuolo" jamoalarining o'zaro to'qnashuvi ham katta qiziqish uyg'otmoqda. O'tgan mavsum katta qiyinchiliklar evaziga A Seriyada qolgan SPAL kutilmaganda startni juda yaxshi boshladi. "Sassuolo" ham istalgan jamoaga kutilganidan ham ko'proq bosh og'riq tug'dirmoqda. O'tgan mavsumdagi mazkur jamoalarning o'zaro o'yinlarida dastlab "Sassuolo" mehmonda g'alabani rasmiylashtirgandi. Keyinchalik o'z uyidagi bahsda esa durang qayd etilgandi.

Ertaga jamoalar qanday to'xtamga kelishlarini o'yin ko'rsatib beradi. O'tgan mavsum bilan bu yilgi o'yin o'rtasidagi asosiy farq shundaki, jamoalar o'tgan yili autsayder maqomida to'qnashishgan bo'lsa, ertaga yetakchi sifatida bu o'yinda maydonga tushishadi.


Turning so'nggi bellashuvi "Empoli" - "Milan" o'rtasida kechadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia