JCH-2013 (U-17). Deli Valdes: “Panamalik futbolchilarda ishtiyoq yuqori”

Narzulla Saydullayev
12 okt 2013, 09:37
Ma'lumki, shu yilning 17 oktyabr – 8 noyabr kunlari BAAda o'smirlar o'rtasida (U-17) navbatdagi jahon chempionati bo'lib o'tadi.
Dilshod Nuraliev boshqarayotgan O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi guruhdagi birinchi uchrashuvni Panamaga qarshi o'tkazadi. Bu o'yin 18 oktyabr kuni Fujayra shahrida bo'lib o'tadi.

Ma'lumot uchun: Julio va Jorj Deli Valdes nomi Panama futboli uchun katta ahamiyatga ega. Egizaklar – Julio va Jorj o'z vaqtida Panama milliy terma jamoasi sharafini himoya qilishgan, futbolni tugatgach esa murabbiylik kasbi bilan shug'ullanishni boshlashdi va hozirda ular 17 yoshgacha bo'lgan Panama o'smirlar termasini boshqarishyapti.

KONKAKAF mintaqasida o'tkazilgan musobaqada panamaliklar Meksikadan so'ng ikkinchi bo'lishdi va bu natija mamlakatda katta voqea sifatida qabul qilindi. Bunga asosiy sababchi sifatida esa OAV tomonidan egizaklarning mehnati ko'rsatildi.

“O'smirlarimiz Panama futboli tarixida ikkinchi bor jahon chempionatiga chiqishdi, - deyadi Jorj Deli Valdes. – Albatta, bu biz uchun yaxshi ko'rsatkich. Terma jamoani qabul qilib olganimga bir yarim yilcha bo'lib qoldi. Bu vaqt oralig'ida ko'p ishlarni amalga oshirdik va endilikda buning samarasini ko'radigan payt keldi. Biz oxirgi 3-4 oydan beri muntazam birgamiz va bor e'tibor jahon chempionatiga qaratilgan. O'smirlar terma jamoasida o'ynab keta oladigan futbolchilarni topish uchun butun mamlakatni kezib chiqdik”.

“2011 yil Meksikada o'tkazilgan o'smirlar o'rtasidagi mundialda bizdan Roberto Chen porlagan edi. U hozir Ispaniyaning “Malaga” klubida o'ynayapti. Lekin bu yilgi jamoa ikki yil avvalgisidan ancha kuchli. Chunki biz saralashni ajoyib tarzda o'tkazdik. Finalda faqat Meksikaga yutqazdik, xolos. Shogirdlarim maydonda juda aqlli va tezkor, biz ayniqsa himoyada kuchlimiz – chunki ko'p gol o'tkazayotganimiz yo'q. Qolaversa, hujumdagi ishlarimiz ham chakki emas. Eng muhimi, shogirdlarim to'pni his qilishadi” – deydi Pamana termasi ustozi.

Xayrulla Xoliqov tayyorladi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia