

– O'yindan keyingi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
– O'yinga keladigan bo'lsak, o'zingiz guvoh bo'ldingiz, murakkab bahs bo'ldi. Uch ochkoni qo'lga kiritish oson kechmayapti. Yaqindagina o'quv-mashg'ulot yig'inida bu jamoani qiyinchiliksiz mag'lub etayotgan edik. Futbolchilar o'sha-o'sha, ammo ko'rib turganingizdek, rasmiy o'yinda qanchalik murakkab bo'ldi. Fursatdan foydalanib, barcha muxlislarimizni va "Kattaqo'rg'on" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman.
– Jamoada hozir bir muammo ko'zga tashlanmoqda: oldingi o'yinlarda, ayniqsa, birinchi bo'limda jamoa ko'ngildagidek harakat qila olmayapti. Bugun ham raqib bosim o'tkazgan paytda futbolchilar chuqur himoyaga o'tib olishdi. Bu nima bilan bog'liq? Sababi jismoniy holatgami?
– Juda o'rinli savol berdingiz. Bu holat o'zimizni ham o'ylantirmoqda, har kuni o'yinlarni tahlil qilyapmiz. Mana, beshinchi tur o'tdi. Birinchi bo'limda tarkibni turlicha shakllantirib ko'ryapmiz, biroq negadir o'yinimiz qovushmayapti. Ikkinchi bo'limda esa maydonga tushib, gol uryapmiz va g'alaba qozonyapmiz. Buning sababi raqib bosimidan charchab qolish yoki jismoniy pasayish emas. Nima uchundir aynan birinchi bo'limda o'yinimiz chiqmayapti. Buning sabablarini o'rganyapmiz: tarkibda o'zgarishlar qilib ko'rdik, turli usullarni qo'lladik. Ikkinchi bo'limda esa yigitlar qayta tizilib, o'zimiz istagan o'yinni namoyish etishmoqda. Vaziyatlar yaratyapmiz va gollar uryapmiz.

– O'tgan uchrashuvga nisbatan joriy o'yinda boshlang'ich tarkibda sezilarli o'zgarishlar ko'zga tashlandi. Bu yangi futbolchilarni sinab ko'rish maqsadida amalga oshirildimi yoki taktik o'zgarishlarmi?
– Bu yuqoridagi savolingizga uzviy bog'liq. Birinchi bo'limdagi xatoliklardan so'ng, ehtimol, boshlang'ich tarkibni noto'g'ri tanlayapmizmi, degan fikr bilan boshqa futbolchilarni maydonga tushirib ko'ryapmiz. Bu faqat so'nggi o'yinda emas, balki avvalgi uchrashuvlardan beri kuzatilayotgan holat. Shukrki, bizda zaxira o'rindig'i keng. Shuning uchun kimningdir o'yini qovushmasa yoki taktikani o'zgartirmoqchi bo'lsak, zaxiradagi boshqa o'yinchilarni maydonga tushirib sinab ko'ryapmiz.



