Yo'ldoshev "Navbahor"ga nima uchun kelganini aytdi

"Navbahor" matbuot xizmati o'tgan mavsumni "Dinamo"da o'tkazgan Ibrohim Yo'ldoshevning transferini e'lon qildi.

Bugun 23 yoshli futbolchi bilan bog'lanib, o'zimizni qiziqtirgan bazi savollarga javob oldik.

- "Dinamo" quyi ligaga tushib ketdi. Bu muvaffaqiyatsizlikning sababi nimada? Jamoa Superliga darajasida kuchaytirilmaganmidi?

- O'ylashimcha, Predrag Roganning ketkazilishi katta xato bo'ldi. Uning qo'l ostida asta-sekin o'z o'yinimizni topib borayotgandik. Yutqazilgan o'yinlarga qarasangiz, aksarida oxirgi daqiqalarda o'tkazilgan gol evaziga imkoniyatni boy berganmiz. 

- Samarqand klubini asosiy himoyachilaridan biri bo'ldiz. 1-davradan keyin murabbiy almashdi. Ammo bu natijalarda sezilmadi. Karlenovich jamoa ichida nimadirlarni o'zgartira oldimi?

- Birinchi javobimning mantiqiy davomini keltiraman. Istalgan murabbiyga 1-2 yil vaqt berilishi kerak. "Dinamo"dagi murabbiylar har 3 oyda almashdi. Fursatdan foydalanib Rogan, Shipilov va Abramovga minnatdorchilik bildiramoqchiman.

- Namanganga o'tish qanday bo'ldi? Taklif kimdan chiqdi?

- Samvel Vyacheslavovich meni o'tgan yil ham o'z jamoalarida ko'rishni xohlagandilar. Lekin u paytda "Dinamo" bilan kelishishga ulgurgandim. Mana, bu yilga nasib qilgan ekan. "Navbahor" futbolchisiga aylandim.

- "Navbahor"da juda kuchli tarkib bor. U erda zaxirada qolib kyetishdan qo'rqmaysizmi?

- Ko'z peshonada borini ko'radi. Namanganga futbolchi sifatida o'sish maqsadida keldim. Raqobatdan qo'rqsam, kelmas edim.

- 2023 yil uchun oldizga qo'ygan asosiy maqsadiz qanday?

- "Navbahor"ning muvaffaqiyatlariga o'z hissamni qo'shish. Xudo xohlasa, Namangan xalqiga uzoq kutilgan chempionlikni tuhfa qilamiz...

Ma'lumot uchun, Yo'ldoshev 2022 yilgi mavsumda 28 rasmiy uchrashuvda maydonga chiqib, 1 gol, 2ta golli uzatmaga mualliflik qildi.

Faxriddin suhbatlashdi


Manba: championat.asia