Yigirmada 4-ni ko'ramizmi?

Bugun YCHL yarim finalining javob uchrashuvlari start oladi.

Evrofutbol ixlosmandlarining diqqati "Manchester Siti" va "Pari Sen-Jermen" jamoalari o'rtasidagi bahsga qaratilishi shubhasiz. Ushbu klublar o'rtasida Parijda o'tgan dastlabki o'yin "shaharliklar"ning g'alabasi bilan nihoyalangan edi (2:1). Agar francuz jamoasi qatorasiga 2-yil turnir finaliga yo'l olishni istasa, Pepning "Siti"si "Tumanli Albion"da engishi kerak.

Bo'lajak uchrashuv o'z yo'liga. Biz tarixga nazar solib, jamoalarning amaldagi bosh murabbiylari o'rtasidagi "jang"larga e'tibor qaratdik.
Maurisio Pochettino "Espanol", "Tottenxem" va PSJ ustozi sifatida Gvardiola boshchiligidagi "Barselona", "Manchester Siti" jamoalariga qarshi 19 bor bellashgan. Ulardan 11 tasida ispaniyalik, 3 tasida argentinalik mutaxassis zafar quchgan, o'yinlarning 5 tasida kuchlar teng kelgan.

Ushbu bahslarda Pepning jamoalari 36 ta gol urib, 19 ta o'tkazib yuborgan.
Murabbiylar o'rtasidagi to'qnashuvlarda eng yirik hisob 2010 yilning 18 dekabrida qayd etilgan ("Espanol" 1:5 "Barselona"). Quyida o'sha bahsda urilgan gollarni tomosha qiling.

Pochettino va Gvardiola ushbu mavsumga qadar YCHLda faqat 1 marta to'qnash kelishgan. "Tottenxem" 2018-19 yilgi mavsumning chorak finalida "Manchester Siti"ni dog'da qoldirib, yarim final yo'llanmasini qo'lga kiritdi.

Bugungi o'yin mazkur murabbiylar o'rtasidagi 20-si bo'ladi. Nima deb o'ylasiz, Pochettino Pepga qarshi "jang"lardagi 4-g'alabasini qo'lga kirita oladimi?

Sensaciya         

Faxriddin Ro'ziev


Manba: championat.asia