Yana bir murabbiy JCHdan so'ng iste'foga chiqdi

6 iyul 2026, 11:35
Portugaliyalik mutaxassis Karlush Keyrush ijtimoiy tarmoqlar orqali Gana terma jamoasi bosh murabbiyi lavozimini tark etganini ma'lum qildi.

"Futbol, xuddi hayot kabi, bizga bitta abadiy saboqni o'rgatadi: sen yo g'alaba qozonasan, yo o'rganasan. Men bu yo'lni erishgan yutuqlarimizdan faxrlangan, ammo shu bilan birga, doimo ko'prog'iga intiladigan insonlarga xos sog'lom qoniqmaslik hissi bilan yakunlayapman. Yuqoriroq darajaga chiqish hech qachon yakuniy maqsad bo'lmasligi kerak - u Gananing yanada ambiciyali maqsadlari uchun boshlang'ich nuqta bo'lishi lozim.

"Qora yulduzlar"ning kelajagi faqat futbol maydonida qurilmaydi. Bu jamoaning muvaffaqiyati maydondan tashqarida - Gananing ajoyib futbol talantlarini tayyorlash, himoya qilish va rivojlantirish uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratishdan boshlanishi kerak.

Futbol federatsiyasi prezidenti va rahbariyatiga - Gana milliy terma jamoasiga xizmat qilish imkoniyati uchun katta rahmat. Bu mamlakatga va "Qora yulduzlar"ga xizmat qilish men uchun sharaf va imtiyoz bo'ldi. Futbolchilarim va murabbiylar shtabiga - shijoatingiz, fidokorligingiz va ishga bo'lan sodiqligingiz uchun cheksiz minnatdorchilik bildiraman.

Muxlislarga esa shuni aytmoqchiman: sport natijalaridan to'liq qoniqish hosil qilmagan bo'lsak-da, Gana ranglarini munosib himoya qilganimizni va "Qora yulduzlar"ga buyuk futbol arenasida hurmat va obro'ni qaytarganimizni faxr bilan ayta olamiz. Rahmat, Gana. Yo'l endi boshlanadi", - deyiladi Keyrushning bayonotida.

O'xshash yangiliklar


Manba: Championat.com