Xurshid Xodjaev: “Jarohatdan to'liq forig' bo'ldim”

Narzulla Saydullayev
7 yanv 2018, 12:22
O'tgan yili AGMK sharafini himoya qilgan Xurshid Xodjaev quruq seriyasi bilan

ko'pchilikni e'tiborini tortayotgandi. Darvozabon 11ta o'yinda atiga 2ta to'p o'tkazib, birinchi davrada eng yaxshi ko'rsatkich qayd etgan posbonga aylangandi. Ammo keyinchalik kutilmaganda jaroxatga yo'liqishi, Xodjaevni “o'yindan tashqari xolat”ga tushirib qo'ydi. Ma'lum muddat davolanib yana safga qaytgan Xurshid Xodjaev ayni damda olmaliqliklarning xorijdagi yig'inida ishtirok etmoqda.  

- Xurshid aka, jamoangizning Turkiyadagi yig'ini qay tarzda o'tmoqda?
- 4 yanvar kuni Turkiyaning Antaliya shahriga yetib keldik. Ertasidan mashg'ulotlarga kirishdik. Murabbiylar ko'proq e'tiborni ushbu xorij yig'ini chog'ida jismoniy tayyorgarlikni kuchaytirish va taktik sxemalar ustida ishlashga qaratilishini ta'kidlab o'tdi. Tabiiyki mashg'ulotlar kuni ikki mahaldan, ertalab va tushlikdan so'ng reja asosida o'tkazilmoqda.

- O'tkan mavsum jaroxat sabab safdan chiqqandingiz. Ayni damda o'zingizni qanday xis qilyapsiz? Qiyinchiliklar ortda qoldimi?
- Afsuski o'tkan yili kutilmaganda jaroxatga yo'liqdim. Shundan so'ng shifokorlar maslahatiga quloq solgan xolda, ma'lum muddat davolandim. Jaroxatlardan to'liq forig' bo'ldim. Faqat ozgina qo'rquvni engib o'tsam bo'lgani. Mashg'ulotlarga qo'shildim va avvalgi sport formamga kirib borish uchun astoydil ishlayapman. Umid qilamanki, mavsum startiga qadar hammasi men uchun ko'ngildagidek kechadi.  

- Viktor Kumikov bilan o'tgan yili ilk bor ishladingiz. Rossiyalik mutaxassis xaqida fikringiz qanday?
- Albatta Viktor Balyutovich haqida taassurotlarim ijobiy. Rossiyalik murabbiy o'z ishining ustasi. Juda ko'p mexnat qiladi. Erinmasdan kichkina bir detallargacha o'rganib chiqadi. Futbolchilarga har bir vaziyatni to'liq tushuntirishga xarakat qiladi. O'ylaymanki jamoamiz Kumikov boshchiligida bu yil yuqori o'rinlardan birini egallaydi.


Islombek Rustambekov suhbatlashdi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia