Vohid Shodievning debyuti omadli chiqdi

Narzulla Saydullayev
16 noya 2013
Xabaringiz bor, kecha milliy terma jamoamiz Xanoyda Vetnamni yirik hisobda (3:0) mag'lub etdi.
Mazkur o'yinda Mirjalol Qosimov bir qator yoshlarga imkoniyat berganiga guvoh bo'ldik. Xususan, oliy ligamizda o'zini ko'rsatishga erishgan hujumchi Vohid Shodiev dastlabki daqiqalardan boshlab maydonda to'p tepdi. Bu uning milliy terma jamoadagi debyut uchrashuvi edi. Aytish kerakki, Shodievning dastlabki o'yini muvaffaqiyatli yakun topdi. Vohid debyut o'yinida g'alaba qozonish bilan birga bosh jamoamiz safida o'zining ilk to'pini kiritishga erishgani e'tiborga molikdir.
 
Shu o'rinda 27 yoshli futbolchi haqida qisqacha to'xtalib o'tsak. Shodievni oliy ligada taniqli murabbiy Islom Ahmedov kashf etgan. 2007 yili kuchlilar safida ishtirok etgan “O'z-Dong Ju”da Vohid elitadagi debyut mavsumini o'tkazgandi. O'shanda bosh murabbiy Islom Ahmedov shogirdi haqida iliq fikrlarni aytgani hamon yodimda. “Shodiev yakka kurashlarda ko'pincha g'olib chiqadi. Havodagi “jang”larda ham yutqazmaydi. Tirishqoqligi uning eng katta plyus tomonlaridan biri” deya tarif bergandi Ahmedov o'shanda. Keyinchalik futbolchi ma'lum muddat “Qizilqum” sharafini himoya qildi. Ushbu klub safida ham u to'purarlik mahoratini namoyish eta olganini aytib o'tish kerak.

Mana oxirgi mavsumda Tachmurod Agamurodov qo'l ostida Vohid yanada “ochildi” va milliy terma jamoamiz murabbiylar shtabining ham nazariga tushdi. Shodiev garchi jizzaxlik bo'lsa-da, hanuzgacha “So'g'diyona” tarkibida to'p tepish nasib etmayapti.
 
Islombek Rustambekov.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia