U-17 JCH: O'zbekiston U-17 - Panama U-17 (prevyu)

Narzulla Saydullayev
18 okt 2013, 12:23
18 oktyabr kuni Diloshod Nuraliev bosh murabbiyligidagi O'zbekiston U-17 o'smirlar terma jamoasi Panama o'smirlar terma jamoasiga qargi BAAdagi jahon chempionatida o'zining ilk uchrashuvini o'tkazadi.

O'zbekiston amaldagi Osiyo chempioni sifatida o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etmoqda. Qayd etish joiz, bu O'zbekistonning ushbu yosh toifasidagi mundialdagi ketma-ket ikkinchi ishtiroki hisoblanadi. 2011 yili Meksikada bo'lib o'tgan bahslarda Aleksey Evstafeev qo'l ostidagi terma jamoa chorak finalgacha yetib borgandi.

Nuraliev shogirdlari 15 oktyabr kuni S guruhi o'yinlari bo'lib o'tadigan Fujayra stadionida o'zining dastlabki mashg'ulotlarini o'tkazdi. 17 oktyabr, payshanba kuni esa O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliev va sardor Otabek Shukurov o'yinoldi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Eslatib o'tamiz, Dilshod Nuraliev bosh murabbiyligidagi O'zbekiston U-17 o'smirlar terma jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichi o'yinlarini 18 oktyabr kuni Panama o'smirlar terma jamoasiga qarshi o'yin bilan boshlaydi. Ilk o'yinda O'zbekiston o'smirlari oq rangli liboslarda maydonda harakat qilishsa, panamalik o'smirlar qizil rangli liboslarda maydonga tushishadi.

Guruhdagi 2-tur o'yini 21 oktyabr kuni Marokash o'smirlariga qarshi bo'lib o'tsa, 24 oktyabr kuni 3-turda Nuraliev shogirdlari Xorvatiyaga qarshi maydonga tushadi. Guruh bosqichidagi barcha o'yinlar Fujayra stadionida bo'lib o'tadi.

Quyida O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilshod Nuraliev bilan bo'lib o'tgan intervyu va Fujayradagi to'rtinchi kun dasturidan o'rin olgan mashg'ulotlar haqidagi videorolik hamda O'zbekiston - Panama uchrashuviga bag'ishlangan promorolikni tomosha qilishingiz mumkin.

U-17 O'SMIRLAR O'RTASIDA JCH.
18 OKTYABR. FUJAYRA STADIONI. (21:00)
O'ZBEKISTON (U-17) - PANAMA (U-17)

Bosh hakam: Daniel Bennet (JAR)
Laynsmenlar: Range Marva (Keniya), Sivel Zakxali (JAR)
Zaxira hakami: Veysa Bamalku (Efiopiya)


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com