Tohir Shamsiddinov: "Jahon chempionatida ruhiyat yetishmadi"

Narzulla Saydullayev
23 iyul 2013, 11:03
Turkiyada bo'lib o'tgan yoshlar o'rtasida JCH-2013 dan qaytgandan so'ng jamoamiz himoyachisi Tohir Shamsiddinov o'z fikrlarini bildirib o'tdi.
- Tohir mana JCH-2013 ham yakunlanib qaytib keldinglar. Jahon chempionati xulosalari qanday bo'ldi. Chempionat haqida nima deya olasiz?
- Xulosalarga keladigan bo'lsak biz uchun bu natija ko'ngildagidek bo'ldi deya olmayman. Chempionatda dunyoning eng kuchli jamoalari ishtirok etadi va biz ular bilan bir qatorda turdik. Undan tashqari sakkizlikka yetib borgan bo'lsak ham ikki kuchli raqib oldida yirik mag'lubiyatga uchradik. Bahona izlashni unchalik yoqirmayman. Jismoniy jihatdan jamoamiz ulardan past ekanligini ko'rdik. Bu chempionat yoshlar uchun katta maydonlarga chiqish uchun yaxshi imkoniyat yaratib berdi. Qani endi ko'ramiz natijasini. Kelgandan so'ng hamma o'yinlarni ko'ri chiqishga ulgurdim. Bekorga Fransiya va Urugvay finalga chiqmaganligi isbotlay oldi deb o'ylayman. Bizga kuchli raqiblar tushganligini shundan ham ko'rsa bo'ladi. Aynan mana shu jihat bizga qiyin bo'lib qoldi.

Men mana shu chempionat uchun bizga yaratib ergan sharoit va imkoniyatlari uchun davlatimiz rahbariga va butun futbol ahliga minnatdorchilik bildirib o'tishim joizdir. Shunga qaramay ko'pchilik bizdan norozi ekan . Buni biz internet va gazetalar orqali bildik. Shunday bo'lsa ham biz barchasiga rahmat aytamiz. Keyingi uchrashuvlarda ularni xursand qilish uchun o'ynaymiz.

- Ketish oldidan jamoamizdagi barcha bor imkoniyati bo'yicha o'ynaydi. Kamida sakkizlikni maqsad qilganmiz degan fikrni aytib o'tgan edingiz. Terma jamoamiz agar sakkizlikka kira olsa ko'pchilik tomonidan muvaffaqiyat bo'lishi taxmin qilingan edi. Oxirida esa buni xalqimiz muoffaqiyat deb qabul qilmayapdi. Buni sababi nimada deb o'ylaysiz?

- Xalqimiz g'alabalarga o'rganib qoldi va bu davom etishini xoxlardim. Meksikada yoshlarimiz birinchi bor dunyoning kuchli sakkizligiga kira olgan edi va buni odatiy qabul qilishdi. Norozichiliklar ham ko'p bo'ldi. Bu juda yaxshi. Endi har bir avlod bu natijani yaxshilashga harakat qiladi. Ular ham bizni tug'ri tushinishini istar edik. Biz ham imkoniyatimiz boricha o'yin ko'rsatdik.

- Jahon chempionati sizga nima berdi. Siz o'zingiz uchun nima oldingiz?

- Har bir futbolchi uchun Jahon chempionatida o'ynash bu orzudir. Mana shu maqsadimdan bittasiga yetishdim. Albatta bu chempionat menga katta maktab bo'ldi. Tajriba katta darajada oshdi. Urugvay va Fransiyadan ko'p narsani o'rgandim. Raqib qanchalik kuchli bo'lsa, bu bizga keyingi uchrashuvda foyda berib boraveradi. O'ylaymanki ko'pchilik Jahon chempionatidan so'ng xorij klublarining ham nazariga tushadi va tushdi. Bu ijobiydir. Futbolchilarimiz ham kuchli chempionatlarda o'ynasa terma jamoamiz saviyasi oshib borar edi.

-Jachon chempionatidagi ikki muoffaqiyatsiz o'yin bo'ldi. Bu ikki yirik mag'lubiyatni qanday izohlar edingiz?

- Albatta bu juda yomon bo'ldi. Ikki o'yinda ham 4:0 hisobida mag'lubiyatga uchradik. Buning uchun o'zimizdan xafa bo'lishimiz kerak. Ruhiyat borasida yutqazib qo'ydik. Futbolchilarda maydonga tushishdan oldin mag'lub bo'lamiz degan hayol bo'lmasligi kerak edi lekin biz buni uddalay olmadik. Buni tan olish kerakki bizga qimmatga tushdi. Masalan Jamshid Iskanderov maydondan chiqqandan so'ng hammamizda ruhiyat tushib ketdi. Biz bunga tayyor emas edik. Boshqa omillar ham bo'lishi mumkin lekin bu mening o'ylashimcha asosiysi bo'ldi.

- Ikki uchrashuvda himoyamizdagi xatolar bizga qimmatga tushdi. Bir safar Sardor Rahmonov va Boburbek Yo'ldoshevlarning keraksiz joyda sariq olishi bo'lsa, bir joyda oddiy vaziyatlarda ham himoyachilarimizning xatolarga yo'l qo'yganligidir? Himoyachi sifatida himoyani qanday baholar edingiz?

- Himoyachilarimiz ham atayla sariq olmadi deb o'ylayman. Xatolarga esa Urugvay va Fransiyani oldingi chizig'idagi o'ta kuchli futbolchilarni keltirishim mumkin. Ular tajriba va imkoniyat jihatidan bizdan yuqoriroq ekan. Shuning uchun ular himoyachilarni qiyin ahvolga solib qo'yishdi. Bulardan xulosa chiqarishimiz mumkin.

- Endi siz faoliyat olib borayotgan "Guliston" klubi haqida suhbatlashsak. Baxtiyor Ashurmatov jamoasiga mavsum boshida borib qo'shildingiz. Mavsum boshida yuqori maqsadlar bilan start olgan jamoa keyinchalik moliyaviy imkoniyatlari bois pasayib ketdi. Jamoaningiz haqida nima deya olardingiz?

- Hammaga ma'lummki deyarli bir oy davomida yoshlar terma jamoasida bo'ldim. Undan tashqari deyarli ko'p vaqtni klub bilan emas terma jamoa bilan bo'ldim. Mavsum boshidagi ettida uchrashuvda maydonga tushdim. Ochig'ini aytsam hali jamoa yig'iniga borib qo'shilganim yo'q va to'liq vaziyatdan xabardor emasman. O'ylaymanki Baxtiyor Ashurmatov bu jamoadan kyetmaydi va mavsum oxirigacha jamoa bilan birga bo'ladi. Maqsad jamoani kuchlilar safida olib qolish.

- "Guliston" ni mavsum o'rtasida bir necha futbolchilar tark etmoqda. Bu borada siz qanday yo'l tutmoqdasiz?

- Menga o'zim o'ynayotgan klub yoqadi va oxirigacha o'ynamoqchiman. Agar menga boshqa klub taklif bilan chiqsa va jamoasida ko'rishni istasa rad etmayman.

- Boshqa jamoalardan takliflar bo'ldimi. Baribir Jahon chempionatida ishtirok etib kelgan yoshlarni ko'pgina jamoalar o'z safida ko'rishni istaydiyu?

- Men o'zim "Paxtakor" akademiya tarbiyalanuvchisiman. Men endi asosiy tarkibga qo'shilishim arafasida "Guliston"dan taklif tushdi va o'yin amaliyotimni oshirish uchun "Guliston" ni tanladim. Har bir futbolchini orzusi grand jamoalarda o'ynashdir. Menda ham shunday. OCHL va xalqaro uchrashuvlarda maydonga tushmoqchiman. Buning uchun munosib klub safiga borib qo'shilishni istayman. Hammasini vaqt ko'rsatadi hali. Agar meni taklif etsa mamnun bo'lib faoliyatimini davom ettirar edim. Takliflar bo'lmoqda lekin ularni hali aytishni istamas edim. Bu klubda o'ynab boshqasini taklifini ko'rib chiqish tug'ri kelmas edi.

- Xorijiy klublardan takliflar bo'ldimi bu borada?

- O'zimga to'liq ma'lum emasu lekin "Rubin" taklif etgan ekan. Bu taklifni ko'rib chiqmoqchimiz.  Hali hujjatlar va rasmiy xabarlar borasida o'zim bilmayman. Agar  bu haqida aniq bo'lsa xabar beraman.

- O'zingizni endigi maqsadlarningiz rejalaringiz haqida aytib o'tsangiz?

- Endi yoshlar terma jamoasidan so'ng hamma futbolchilar Olimpiya terma jamoasiga kirish uchun harakat qiladi. Men ham o'z ustimda ishlab bu terma jamoa safida o'ynashni istar edim. Shundan so'ng esa asosiy terma jamoaga kirishni maqsad qilganman. Terma jamoa libosida maydonga tushsam eng katta maqsadim bo'lgan bo'lar edi.

Humoyun Davurov suhbatlashdi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia