Tehronda Mark Vilmots ishtirokida birinchi matbuot anjumani o'tkazildi

Xayrulla Xoliqov
31 may 2019, 13:51
Eron terma jamoasi yangi bosh murabbiyi Mark Vilmots ilk marta eronlik OAV xodimlari bilan suhbatlashdi.

Ma'lumki, Eron futbol federatsiyasi Mark Vilmots bilan kelishuvga erishdi hamda belgiyalik mutaxassisni terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlandi. O'zaro kelishuvga ko'ra, Vilmots terma jamoani JCH-2022 oxirigacha boshqaradi va bu vaqt ichida yiliga 1 million evro miqdorida maosh oladi. 

Mark Vilmots o'zining dastlabki matbuot anjumanida ushbu fikrlarni bildirdi: "Shartnoma imzolangan kundan boshlab Eron men uchun ikkinchi uyga aylandi. Biz hammamiz birgalikda ishlab katta vazifalarni bajarishga harakat qilamiz. Eron rivojlangan mamlakat, bu yerda sportni juda qadrlashadi. Oldimda turgan eng asosiy maqsad terma jamoani 2022 yilgi jahon chempionatiga olib chiqish hisoblanadi". 

"Biz taktik jihatdan to'g'ri o'yin ko'rsatishga harakat qilamiz. Buning uchun o'rtoqlik uchrashuvlari yordam beradi. Men shu paytgacha boshqa jamoalarda ishlaganman va qayerda faoliyat olib bormay doim maksimal ishlashga harakat qilganman. Terma jamoa eshigi hamma uchun ochiq. Kim klubda o'zini ko'rsatsa, albatta bosh jamoada o'ynash imkoniga ega bo'ladi". 

"Terma jamoada asosiy yordamchim ispaniyalik Manu Ferrera bo'ladi. Bu insonni 25 yildan beri bilaman. Shuningdek, mahalliy yosh murabbiylardan Vohid Xoshemiyan ham shtabimizda bo'ladi. Bizga yana uchrashuvlar tahlilchisi ham kerak. Men Eron terma jamoasini qabul qilib olganimdan xursandman. Oilam bu qarorimga qo'shilmadi, biroq qaror meniki, shu bois afsuslanayotganim yo'q". 

Vilmots matbuot anjumanida terma jamoaning 25 futbolchidan iborat tarkibini e'lon qildi. Eron terma jamoasi o'rtoqlik uchrashuvlari doirasida 6 iyun kuni Suriya va 11 iyunda Janubiy Koreya bilan bahs olib boradi.

O'xshash yangiliklar


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: persianfootball.com