Eron sobiq bosh murabbiyi FIFAdan javob kutyapti

Xayrulla Xoliqov
22 may 2020
Eron terma jamoasini qisqa vaqt boshqargan Mark Vilmots FIFAga shikoyat qildi.

Gap shundaki, ishdan ketgan belgiyalik murabbiy Eronda ishlagan pullarini to'liq ola bilmayapti. Shu bois FIFAga yozishga majbur bo'ldi. Mark Vilmots o'tgan yilning may oyida terma jamoani qabul qilib, forslarni atigi 6ta o'yinda maydonga boshlab tushdi. 

JCH-2022 saralash bahslarida ikki bor mag'lubiyatga uchragach, Eron futbol federatsiyasi murabbiyni ishdan bo'shatdi hamda unga tegishli pullarning bir qismini bermadi. "Men chindan ham FIFAga shikoyat qildim va endi buning javobini kutyapman", - deydi belgiyalik murabbiy. 

Mark Vilmots qo'l ostida Eron terma jamoasi Gonkong va Kambodjani mag'lub etib, biroq Bahrayn va Iroqqa imkoniyatni boy berdi. Hozirda bu jamoa o'z guruhida 3-o'rinni egallab turibdi. 

Eron futbol federatsiyasi Bosh kotibi Mehdi Mohammad Nabi shunday dedi: "Vilmots FIFAga shikoyat qilganidan xabarimiz bor. Lekin shunga qaramay, biz uning pullarini to'lab bermoqchi emasmiz. Chunki bu murabbiy terma jamoani mas'uliyatsiz boshqardi. U ishini oxirigacha etkazmadi, shu bois biz ham to'liq hisob-kitob qilmaymiz".


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: tehrantimes.com